Eyfel minorasini ikki marta sotishga muvaffaq bo‘lgan tovlamachi
XX asrning eng nomdor firibgarlaridan biri, qo‘rqmas Viktor Lyustig juda o‘qimishli, u besh tilni biladigan odam edi. Shuningdek, u o‘ziga xos iste’dod egasi va inson ruhiyatining nozik bilimdoni ham bo‘lgan.
U turli xil firibgarliklarni ixtiro qilar va osongina o‘ziga taxalluslar o‘ylab topishi mumkin edi. Lyustig o‘z “kasb”iga katta sadoqat bilan yondashgan. Tasavvur qilasizmi, u turli mamlakatlarda 50 marta hibsga olingan. Dastlab oddiy fuqarolar va banklardan katta miqdordagi pullarni aldab olib, shuhrat qozondi. Biroq 1925 yilda u bitta “katta narsa”ni sotish orqali o‘ta mashhurlikka erishdi. Xo‘sh, u 1925 yilda nimani sotgan edi? Nega uning nomi tarixda iste’dodli qallob sifatida qolib ketgan?
Qoyilmaqom firibgarlik
1925 yilda Viktor Lyustig Eyfel minorasini sotdi va u bu ishni ikki marta bajarishga muvaffaq bo‘ldi. Bu qoyilmaqom “g‘oya” uning miyasiga Parijga kelishi bilanoq, shaharning asosiy diqqatga sazovor joyi yomon ahvolga kelib qolgani va ta’mirlashga muhtoj ekanligini eshitganida keldi.
Lyustig o‘ziga pochta va telegraflar vazirining o‘rinbosari lavozimi taqdim etgan qalbaki ishonch yorlig‘idan foydalanib, qora metallni sotish va sotib olish sohasidagi muhim shaxslarga uchrashish taklifi bilan bir nechta xat yubordi.
Uchrashuv qimmat mehmonxonada bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchi Viktor Lyustig yig‘ilganlarga Fransiya hukumati minorani buzib, uni metall parchalari sifatida sotishga qaror qilganini ma’lum qildi. Bu yodgorlikni saqlash va ta’mirlash davlatga qimmatga tushayotgani, shu munosabat bilan minorani buzish huquqi uchun yashirin ovoz orqali kim oshdi savdosi o‘tkazilishini aytib, bu xonada yig‘ilgan barchani auksionga ishtirok etishga taklif qildi.
U parijliklar Eyfel minorasini juda yaxshi ko‘rishganligi sababli bu ma’lumotni bilib olganida, g‘azablanishlari va auksion muvaffaqiyatsizlik yoqasida bo‘lib qolishi ehtimoldan xoli emasligini ro‘kach qilib ushbu kim oshdi savdosi va bu yangiliklar boshqalar uchun sir ekanligini yana bir ta’kidladi.
Kim oshdi savdosida Andre Puasson “yutdi” va tovlamachi Viktor Lyustig kattagina pul mablag‘i bilan Venaga jo‘nab ketdi. Nufuzi puldan ham muhimroq bo‘lgan firibgarlik qurboni Andre Puasson politsiyaga bormadi va aldanganini yashirdi.
Takroriy aldov
Qilmishlari fosh etilmagan, jazosiz qolgan Lyustig birmuncha vaqt o‘tgach, Parijga qaytib keldi va aldovini yana qaytardi. Minora qayta sotildi. Ammo bu safar jabrlanuvchi aldanganini yashirmadi, u darhol politsiyaga murojaat qildi. Viktor Lyustig Amerikaga qochishga majbur bo‘ldi. Yana bir necha yildan so‘ng 1935 yilda u hibsga olindi va mashhur Alkatras qamoqxonasiga 20 yilga qamaldi.
Biroq bir necha yil o‘tgach, u yana rasmiylarni aldadi... ammo pnevmoniyadan vafot etdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.