Yeyskdagi samolyot qulashi qurbonlari soni 13 kishiga yetdi

Xabar qilganimizdek, kecha kechqurun Yeyskda Rossiyaning "Su-34" tovushdan tez uchuvchi qiruvchi-bombardimonchi samolyoti turar-joy binosi hovlisiga qulagan va samolyot yoqilg‘isi yonib ketgan edi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yeyskdagi favqulodda holat natijasida 13 kishi halok bo‘ldi, ulardan 3 nafari bola, 19 kishi jarohatlangan, dedi jurnalistlarga Rossiya sog‘liqni saqlash vazirining yordamchisi Aleksey Kuznetsov.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi qurbonlar soni haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Shuningdek, vayronalarni tahlil qilish ishlari yakunlangani, qidiruv-qutqaruv tadbirlari davomida 68 kishining hayoti saqlab qolingani, 360 dan ortiq kishini evakuatsiya qilingani ma’lum qilindi.

Samolyot halokatga uchragach, ko‘p qavatli uyning birinchi besh qavatida 2000 kvadrat metr maydonda yong‘in chiqqan. Hozir yong‘in bartaraf etilgan, xonadonlar tekshirilmoqda.