F.Toshev: Qurilish – savobli ish, unga nopoklikni aralashtirmaylik

Haqiqatan ham viloyatda keyingi yillarda qurilish avj oldi. Shuning barobarida bu sohaga nopok an’ana va usullar ham kirib keldi. Shaxsiy munosabat, manfaat ustuvorlik qila boshladi.

Qurilish ob’yektlari ba’zan tendersiz, gohida esa nomigagina o‘tkazilgan tender orqali “ma’qul” kishilarga berib yuborildi. Maktablar, MTMlardagi ta’mirlashlar nazoratdan mutlaqo chetda qoldi.

Hokimlikning bu harakatiga quruvchilar ham javob qaytarishdi. O‘zlariga ma’qul tushgan joyni tanlab, aholi noroziligi va qonundagi taqiqlarni pisand qilmay, hokimliklar qarorini chiqarib olishga erisha boshladilar. Arxitektor, kadastr xizmati xodimlari o‘z-o‘zidan chetlashib qoldilar yoki tadbirkorga sherik bo‘lib oldilar. Bu nopok ishga asta-sekin ayrim mansabdorlar ham qo‘shila boshlashdi. Hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari ortiqcha “shtat” darajasiga yetib bordi.

Eng yomoni, bu holat aholini kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘pchilik uy-joy masalasi faqat pul bilan bitadi, degan xulosaga keldi. Gazetadagi tanqidlar, majlislardagi mulohazalar, ariza va shikoyatlar hisobga olinavermagach, prokuratura va sud idoralari quruvchi tarafini olavergach, jamoatchilik ham bu holatga ko‘nikdi.

Sessiyada aynan ana shu ayanchli manzaraga barham berish to‘g‘risida gap bordi. Jiddiy choralar belgilandi. Nazarimda hamma – deputatlar ham, soha xodimlari ham, jamoatchilik ham o‘z aybini tushunib yetdi. Shaxsan o‘zim ham.

Bu og‘ir sharmandali voqeadan saboq chiqarmaslikka haqimiz yo‘q, degan xulosaga keldik.

F.Toshev,

xalq deputatlari Samarqand

viloyat Kengashi deputati.