Fan olimpiadasi adolatli o‘tyaptimi?

Fan olimpiadasining Samarqand shahar bosqichi 51-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tmoqda. O‘quvchilardan imtihon olinadigan zalga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Binoning kirish zaliga esa monitor qo‘yilgan. Imtihon jarayonini o‘quvchining ota-onasi, o‘qituvchisi bevosita kuzatib bormoqda.

Olimpiadani adolatli o‘tkazish maqsadida imtihon olinayotgan auditoriyaga “Barkamol avlod” to‘garagi rahbarlari va boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan iborat nazoratchilar qo‘yilgan. Har bir fan uchun 6 tadan hakamlar hay’ati tanlab olingan.

- Har bir fan bo‘yicha bilimi kuchli o‘qituvchini test sinovlari asosida hakamlikka tanlab oldik, - dedi Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Nurmuratov. – Hakamlar hay’ati alohida xonada maxsus shifrlangan yozma ishlarni tekshiradi. Ular baholayotgan yozma ish kimniki ekanini bilmaydi.

Bugun 10-sinflar uchun fan olimpiasining 2-bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. O‘quvchilar kecha yozma va amaliy imtihon topshirgan bo‘lsa, bugun test sinovlaridan o‘tmoqda. Kechagi imtihon ballari maxsus doskaga osib qo‘yildi.

- Kecha yozma imtihondan 32 ball (eng yuqori 50 ball), og‘zakidan 9 ball (eng yuqori 10 ball) to‘pladim, - dedi 43-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Nilufar Yoqubova. – Hozircha ballar hisobida 3-o‘rinda turibman. Imtihonlar haqqoniy, shaffof o‘tmoqda. Auditoriyada hech kimga yordam berilgani yo‘q.

- Men olimpiadada tarix fanidan qatnashyapman, - dedi 37-IDUMning 10-sinf o‘quvchisi Laziz Yuldashev. – Kecha yozma ishdan 39 ball oldim. Bugun test savollari berildi, yarmidan ko‘piga javob topdim.

Fan olimpiadasining yana bir e’tiborli jihati, bahosidan norozi bo‘lgan o‘quvchi uchun alohida apellyasiya hay’ati joriy etilgan. Apellyasiya hay’ati o‘quvchidan qayta imtihon oladi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi shu kecha-kunduzda joylarda bo‘lib o‘tayotgan fan olimpiadalarini qattiq nazoratga olgan. Maqsad - bilimli o‘quvchilarni topish, qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va ta’lim sifatini oshirishdan iborat.

  Xurshida ERNAZAROVA.