Faoliyat boshlaganimga ko‘p bo‘lmadi, nahotki soliqchilar tekshirishga keldi?..
Past Darg‘om tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida ish tashkil etgan. Bunda asosiy e’tibor, tadbirkorlik sub’yektlariga yer ajratish, berilgan kreditlardan to‘g‘ri foydalanish, shuningdek, kichik biznes vakillari faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘z vaqtida tezkorlik bilan hal etishga qaratilgan.
Qo‘shquduq mahallasi tuman markazidan ancha olisda joylashgan. Kundalik zaruriy mahsulotlarni xarid qilish uchun aholining ham vaqti, ham yo‘l kira uchun ortiqcha puli sarflanadi. Aholisiga qulaylik yaratish maqsadida “Qo‘shquduk” savdo majmuasi qurib, foydalanishga topshirildi.
- Atrofdagi istiqomat qiluvchi aholiga juda qulay bo‘ldi, - deydi mehnat faxriysi Shahriddin Pirnazarov. - Endi sartarosh, novvoyxona, go‘sht do‘koni, tikuvchilik sexi, qo‘yingki, 61 ta tadbirkorlik sub’yekti fuqarolarimiz xizmatida. Ta’kidlash lozimki, ushbu savdo majmuasining foydalanishga topshirilishi juda ko‘pchilikning ish bilan ta’minlanishiga sabab bo‘ldi. Tuman davlat soliq idorasi xodimlari faoliyat boshlayotgan har bir tadbirkorlik sub’yektlariga kirib, qonuniy faoliyat yuritishlari uchun tushuncha berishdi.
Savdo majmuasi “Samarqand – Kattaqo‘rg‘on” avtomobil yo‘lining bo‘yida joylashgan. Yo‘ldan o‘tayotganlar to‘xtab yengil tamaddi qilishlari, uyiiga bozorlik qilib olishlari mumkin.
- Endi faoliyat boshladik, - deydi tadbirkor Charos Xudoyqulova. – Albatta, boshida ba’zi tushunmovchiliklar bo‘ladi. Tuman davlat soliqchilari do‘konimga kirib kelganda, hali faoliyat boshlaganimga necha kungina bo‘ldi, nahotki tekshirishga keldi, degan fikr o‘tdi xayolimdan. Ular o‘zlarini tanishtirib, nima yordam kerak, dastlabki buxgalteriya hujjatlarini yuritishda qiyinchilikka duch kelmayapsizmi, deb so‘ragach xavotirim aridi.
Tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari har bir tadbirkorlik sub’yektlarida bo‘lib ularga soliq qonunchiligidagi yangiliklar, qonuniy ishlash lozimligi bo‘yicha maslahatlar berishdi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.