Faoliyatida xatoliklarga yo‘l qo‘ygan qurilish tashkiloti keyingi tender tanlovlarida qatnashishi to‘g‘rimi?
21-sentyabr kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘qsoninchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani deputat F.Toshev boshqardi.
Dastlab tashkiliy masala ko‘rildi. Shu paytgacha xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri vazifasida ishlagan Zafar Karimov o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etildi. Deputatlar Saidahmad Usmonovni Kengash kotibiyati mudiri vazifasiga tasdiqladilar.
Shundan so‘ng kun tartibiga ko‘ra, hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun majburiy to‘lov tariflari miqdorini ma’qullash to‘g‘risidagi qaror loyihasi muhokama qilindi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishdagi majburiy to‘lov miqdorining oshirilishi xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishiga yordam beradi.
Yangi tariflar Samarqand shahri va tumanida aholi uchun bir kishiga bir oyda 5 ming so‘m, yuridik tashkilotlar maishiy chiqindilari uchun 1 metr/kubiga 90 ming so‘m, 1 tonnasiga 182 ming 550 so‘m, suyuq chiqindilar uchun 86 ming 525 so‘m, Kattaqo‘rg‘on shahri va tumanlar aholisi uchun bir kishiga bir oyda 4 ming 129 so‘m, yuridik tashkilotlar maishiy chiqindilari uchun 1 metr/kubiga 59 ming 693 so‘m, 1 tonnasiga 155 ming 824 so‘m, suyuq chiqindilar uchun 70 ming 600 so‘m etib belgilanmoqda.
Deputatlar davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining ijrosi yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatovning hisobotini eshitdi.
Hisobotga ko‘ra, joriy yilda viloyat hokimligi buyurtmasiga asosan, viloyat 3-sektori hududida 23 ta ijtimoiy soha ob’yektini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini olib borish belgilangan. Shu kunga qadar 21 ta ob’yektda qurilish ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirilgan. Qolgan ikkita ob’yekt - Samarqand tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabini rekonstruksiya qilish, Gulobod mahallasi hududida ixtisoslashtirilgan maktab qurish ishlari yil oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu ob’yektlardagi qurilish-montaj ishlariga 160 milliard 449 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Hududlardagi sektor ishchi guruhlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar jarayonida ob’yektlarning qurilish ishlarida buyurtmachining texnik nazorati hamda loyihachining mualliflik nazorati qoniqarsiz ahvolda ekanligi, ishlar sifatsiz bajarilgani aniqlangan. Jumladan, Urgut tumani Mo‘minobod mahallasidagi 127-maktabni rekonstruksiya qilish davomida hudud obodonlashtirilmagan, beton yo‘laklar tashkil etish ishlari chala qolgan, tom qismidagi yog‘ochlarga yong‘inga qarshi ishlov berilmagan.
Samarqand tumanining Arabxona mahallasidagi 9-maktabni rekonstruksiya qilish, 300 o‘rinli o‘quv binosi qurish ishlarida ijro hujjatlari to‘liq yuritilmagan, hudud obodonlashtirilmagan.
Nurobod tumanining Nurbuloq shaharchasidagi 41-maktab maydoni vaqtinchalik to‘siq devor bilan o‘ralmagan, g‘isht terish ishlari shaharsozlik normalari asosida bajarilmagan.
- Qurilish ishlarini amalga oshirish, nazoratini tashkil etish va shaffoflikni ta’minlashda kamchilik va muammolar borligini barchamiz bilamiz, buni sessiyalarda muhokama ham qilyapmiz, - dedi F.Toshev. – Ammo avvalgi yillardagi qurilish ishlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan quruvchi tashkilot bu yilgi tender tanlovlarida ham paydo bo‘lyapti. Qurilish sohasida o‘rnatilgan tartiblarga rioya qilmay, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan qurilish tashkilotini jazo sifatida tenderlarda qatnashishini cheklash, mutaxassislarning o‘z vazifasini lozim darajada bajarishi, qurilish ishlarining sifatiga xizmat qilmaydimi?
Sessiya davomida yilning birinchi yarmida norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyevning, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i T.Mahmudovning axborotlari tinglandi. Shuningdek, “Samarqand suv ta’minoti” MChJ raisi K.Yusupov aholini ichimlik va oqova suv bilan ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar to‘g‘risida hisobot berdi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.