Faqat dars o‘tmayapmiz, vazifa ham beryapmiz
Telefon, internet bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Ushbu vositalardan foydalanib, masofadan turib dars mashg‘ulotlarini olib borish mumkin ekan. Buning uchun albatta, o‘quvchilar va ularning ona-onalari bilan internet orqali bo‘lsa-da muloqot qilish, oilada bolalarning ta’lim olishini nazorat qilish zarur. Biz ham ana shunday yo‘l tutyapmiz va bu foydali bo‘lmoqda.
Dars-ku o‘tilyapti, lekin o‘quvchilarning mavzuni o‘zlashtirayotgani, vazifalarni bajarayotgani qanday nazorat qilinadi? Bugun ko‘pchilikni shu savol qiziqtiradi. To‘g‘ri, berilgan vazifa bajarilishi va nazorat qilinishi kerak. Bu ishni ham internet orqali uddalash mumkin ekan. O‘quvchilar vazifani bajarib, uni surat, video yoki audio shaklda bizga tashlab bermoqda. Biz esa xatolari bo‘lsa tuzatyapmiz yoki kamchiliklarini o‘zlariga aytyapmiz. Tushunmagan joylarini qayta tushuntiryapmiz.
Ha, o‘quvchilarni baholab borishni ham unutganimiz yo‘q. Har birimiz jurnal tutganmiz. Xullas, ishlayman, desak imkoniyat bor, gap vazifaga vijdonan yondoshishda.
Dilrabo Saidova,
Samarqand shahridagi 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabi rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi