Farroshni emas, o‘zingizni qadrlang!
Obodonchilik, saranjom-sarishtalik haqida gap ketsa, «Farrosh mehnatini qadrlang» degan iborani qo‘llaymiz. Lekin, bir o‘ylab ko‘raylik, biz farrosh mehnatini qadrlash uchun atrofimizni toza, saranjom tutamizmi? Aslida u har birimizning ichki madaniyatimiz hosilasi emasmi?
Shahar bo‘ylab yurganimda ko‘cha supurayotgan, gulzor parvarishlayotgan, farroshlar – obodonchilik idorasi xodimlari ishini kuzataman. Ularning soni ilgarigidan ancha ko‘paydi. Kiyinishi, bajarayotgan ishlari ham yangicha. Shu sababli Samarqanddagi asosiy ko‘chalarda sarishtalik hukmron.
- Daraxt bargining to‘kilishi yoki asfaltga chang tushishi bu tabiiy hol, - deydi farroshlardan biri. - Ammo erta tongda yo‘l chetidagi ariqlarda bo‘shagan «baklajka»lar, muzqaymoq va boshqa taomlar idishlarini ko‘rib, dilim xufton bo‘ladi. Bilasizmi, ba’zan ishlab turgan paytimiz mashina derazasidan ayrimlar qog‘oz yoki qutilarni tashlab o‘tadi. Gapirishga ulgurolmay qolamiz. Qolaversa, duppa-durust odamlar.
«Mabodo gapirsangiz, bundaylarga nima degan bo‘lardingiz?», so‘rayman u kishidan. «Nima ham derdim, biz-ku mayli-ya, hech bo‘lmasa o‘zingizni hurmat qiling, mashinada yoningizda ketayotgan, bola-chaqangizni hurmat qiling, hurmatli farosatsiz, degan bo‘lardim».
Ko‘p gapiryapmiz-u lekin bu odatga barham bera olmayapmiz. Yaqinda o‘zim shunday voqeaga guvoh bo‘ldim. Taksida ketayotgan edik, 35 yoshlardagi tuzukkina ayol yonida ketayotgan bolakay qo‘lidagi bo‘shagan yelim haltachani olib, mashina derazasidan ko‘chaga uloqtirdi. Tabiiyki, e’tiroz bildirdim: «Opa, mashinadan tushgandan keyin maxsus qutilardan biriga tashlardingizku». Ayol pinagini ham buzmadi. Aksincha, «Ana, farroshlar nima qiladi, tozalaydi-da, bizdan olingan soliqlardan maosh beryapti ularga», dedi.
Xorijlik, ayniqsa, Xitoy, Yaponiya, Koreyadan kelgan mehmonlar qayerga borsa, joylarini yig‘ishtirib, hatto bo‘shagan suv idishlarigacha o‘zlari bilan olib, ibrat ko‘rsatyapti. Aniqrog‘i, bizni uyaltirishyapti. Lekin biz o‘zgarmayapmiz. Buning ustiga farzandlarimiz oldida shu ishlarni qilamiz. Axir, ular bizdan qanday ibrat olsin?
Albatta, har bir kasb egasining mehnatini qadrlashimiz kerak, farroshning ham. Lekin pokizalik, ichki intizom, har bir fuqaroning burchi, qonuniy burchi, buni unutmaylik. Insonning qadr-qimmati ham uning toza-ozoda yurishiga, atrofga, tabiatga ziyon keltirmasligi, aksincha, o‘zi yashab turgan maskanni obod qilishi bilan o‘lchanadi. Ana shu qadrimizni pastga urmaylik.
Bahora MUHAMMADIYeVA.