Farzand o‘rniga – it
Keyingi yillarda yevropaliklar nikohdan o‘tish va farzand ko‘rishga shoshilmayapti. Pandemiya va iqtisodiy inqiroz vaziyatni yanada chuqurlashtirdi, deb yozadi “AiF” 2021 yil 38-son.
Ekspertlarning hisoblab chiqishlaricha, ispanlarda hayvonlar bolalardan bir necha marta ko‘p.
Ispaniya allaqachon qariyotgan mamlakat deb atalmoqda. Boisi, ispan oilalarda itlar farzandlardan ko‘p. Bunga ajablanmasa ham bo‘ladi, negaki, uy hayvonlarini boqish ispanlarga go‘dakni boqishdan 11 marta arzonga tushadi. Keyingi 15 yilda ikki marotaba iqtisodiy inqirozni boshdan kechirgan ispanlar uchun farzand ko‘rish muammo.
So‘rovlarga ko‘ra, 66 foiz yoshlar oila qurish va farzand ko‘rishga tayyor emas. Gap shundaki, oldingi avlodga nisbatan pandemiya tufayli ishga joylashish haddan tashqari qiyinlashdi. Oilasi borlar esa uni kengaytirishni istamaydi. Hozirda Madridda aravachada bola surib borayotgan kishilardan ko‘ra, it yetaklagan odamlarni ko‘p ko‘rasiz. Ispaniya poytaxtida oilalarda 152 mingta bola bo‘lgani holda 282 mingta it rasman ro‘yxatga olingan.
T.ShOMURODOV tayyorladi.