Samarqand shahrida 42 ta favvoradan nechtasi ishlayapti? Musiqali favvoraga nima bo‘lgan?

Ushbu favvoralarga shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasining 63 nafar ishchi-xodimlari xizmat ko‘rsatadi. Biroq bugun mavjud favvoralarning aksariyati yaxshi ishlamayapti.

Misol uchun, viloyat musiqali drama teatri binosi oldidagi 3 ta ko‘ngilochar favvoralarga 1 ta nasos suv yetkazib bermoqda. Vaholanki, buning uchun 3 ta nasos o‘rnatilgan bo‘lib, ularning 2 tasi mutlaqo ishlamayapti.

Bundan tashqari, yoritish tizimlari ham to‘liq talabga javob bermaydi. 30 ta yoritish chiroqlari ishdan chiqqan va suv purkagich uskunalari yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.

Ko‘ksaroy maydonida joylashgan 3 ta favvoraga esa 16 ta nasoslar xizmat ko‘rsatishi belgilangan bo‘lsa-da, hozirda 3 ta suv nasoslari bu vazifani bajarmoqda. Shuningdek, favvora yoritish tizimining 70 foizi ishlayapti. Favvoraning boshqaruv shitlari ham ta’mirtalab ahvolda.

Ruhobod maydonida joylashgan 5 ta favvoraga 4 ta o‘rniga 1 ta nasos xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bu yerda ham boshqaruv shitlari hamda yoritish tizimlari ta’mirlashga muhtoj.

Qurilgan vaqtlari ko‘pchilikning diqqat-markazida bo‘lgan Registon ko‘chasi kesishmasidagi musiqali favvora bugun deyarli barchaning e’tiboridan chetda qolgan. Oqibatda favvoraning kompyuter tizimi, suv osti quvurlari va yoritish tizimlari yaroqsiz bo‘lib qolgan.

Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qayd etilishicha, bunday muammo va kamchiliklarni shahardagi qolgan favvoralarda ham uchratish mumkin.