Zarnews.uz’ga murojaat: Qorasuvdagi favvoralar nega ishlamayapti?
Nafaqat yilning, umuman, so‘nggi o‘n yillikning eng issiq shu kunlarida Qorasuv maskanidagi favvoralarning ishlamasligiga bir kulging keladi, bir...
Nazarimizda Samarqand shahar hokimligining Qorasuvga e’tibori pasayib ketayotgandek. Bu maskandagi favvoralar haqida avval ham yozgandik, ammo hech qanday munosabat olmadik.
Qorasuv maskanida atigi bir joyda ikkita favvora qurilgan. O‘tgan yili ham, undan oldingi yil ham favvoralar yozda ishlab turgandi. Bu yil yozning jazirama issiq kelishi ushbu maskandagilarga ancha qiyin bo‘lmoqda.
Favvoralar yoz bo‘yi ishlagani yo‘q, suvsizlikdan qup-quruq bo‘lib turibdi. Hali Qorasuvda daraxtlar juda kichik, soya-salqin joylar yo‘q. Birgina ushbu fontanlar atrofiga kechki payt odamlar kelib dam olardi. Bu yil dam oladigan joyning o‘zi yo‘q. Xo‘sh, nima uchun?
Shunday katta maskanda ikkita kichik favvorani ishlatish shuncha qiyinmi? Favvoralar atrofiga gul va daraxtlar ekilib, aholi dam oladigan maskan sifatida qurilmaganmidi? Nega endi egasiz joydek qarovsiz, e’tiborsiz turibdi?
Shuningdek, maskandagi 101- va 102-ko‘p qavatli uylar oldida qurilishi kerak bo‘lgan favvora o‘rniga maysa ekib qo‘yilganini ham aytgandik. Bu haqda ham hech bir tegishli tashkilot munosabat bildirmadi. Bundan nimani tushunish mumkin? Munosabat bildirilmadi degani, aholi talabini eshitmaymiz ham, bajarmaymiz ham deganimi?