Samarqand shahrida ilk bor 2015 yil 1 may kuni favvoralar sayli o‘tkazilgandi

Shundan buyon bu tadbir an’anaga aylanib, har yili keng nishonlanadigan bo‘ldi. Afsuski, joriy yil boshidan buyon dunyoda koronavirus pandemiyasi avj olgani, mamlakatimizda joriy etilgan karantin sabab ushbu sayil bu gal o‘tkazilmayapti.

Ushbu sanadagi favvoralar sayli Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy va Teatr maydonlarida, Amir Temur nomli, Universitet xiyobonlarida, Islom Karimov haykali o‘rnatilgan maydonda, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallari o‘rnatilgan hududda, “Shoirlar bog‘i” va Samarqand temir yo‘l vokzali maydonidagi favvoralar atrofida o‘tkazilardi.

Erta tongdan boshlab ushbu maskanlarda taniqli san’atkorlar, yosh ijrochilar, badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlari, teatrlarning sahna ko‘rinishlari namoyish qilinar, ommaviy raqs, turli viktorina va tanlovlar, bellashuvlar, xalq sayllari tashkil etilgan.

Tadbirlar jarayonida favvoralar atrofida taniqli musavvirlar yosh rassomlar uchun master-klasslar o‘tib, mavzuga oid rasmlar ko‘rgazmalari uyushtirilgan.

Xuddi shunday sayillar viloyatimizning har bir tuman va shaharlarida ham nishonlangan.

Hozircha uyda qoling! Kelgusi yil shunday sayillarni avvalgilaridan-da keng, mazmunli nishonlash nasib etsin!