Fermer sement zavodi quradi

Ana shunday imkoniyatlardan foydalanish maqsadida o‘tgan yil qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish hududiy dasturiga ko‘ra, umumiy qiymati 338,6 milliard so‘mlik 108 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Hozirgi kunda viloyatda 600 dan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda va ular tomonidan 62 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda. Biroq bu miqdor talab va ehtiyoj uchun hozircha yetarli emas. Zamonaviy uy-joylar, yangi-yangi quvvatlarning qurilib, ishga tushirilishi sohani yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo qilmoqda. 


Urgut tumanidagi "Sevozsoy", Qo‘shrabot tumanidagi "Zarband", Nurobod tumanidagi "Jom" karerlari marmar va granit toshlari zaxirasiga boy xomashyoga ega bo‘lib, ular viloyatning turli joylaridagi korxonalarda qayta ishlanmoqda. Shuningdek, bugungi kunda sifatli sementga bo‘lgan talab ham tobora ortib boryapti. Shu bois 2018-2019 yillarda viloyatimizda umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollariga teng qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish belgilangan. Jumladan, Nurobod tumanida turkiyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda Germaniya texnologiyasi asosida yangi devorbop qurilish materiali bo‘lgan gazblok ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Uning loyiha qiymati 25 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u nafaqat viloyatda, balki respublikada shu turdagi mahsulot miqdorini ko‘paytirish, unga sarflangan sarf-xarajatlarni arzonlashtirish imkonini beradi.
"Urgut" erkin iqtisodiy zonasi hududida faoliyat olib borayotgan "Maroqandkabel invest" mas’uliyati cheklangan jamiyatida hozirgi kunda 100 turdan ziyod turli hajmdagi izolyasiyalangan kabel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada mamlakatimiz qurilish sanoatini sifatli va arzon materiallar bilan ta’minlash maqsadida qiymati 4 million AQSh dollariga teng bo‘lgan va bir kecha-kunduzda 500-600 tonna sement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yangi loyiha ishga tushirilishi arafasida.


– Hozirgi kunda bu yerda Yevropa davlatlari hamda Xitoy texnologiyalari asosida yaratilgan zavodni o‘rnatish bo‘yicha montaj ishlari jadal olib borilmoqda, – deydi korxona rahbari Farhod Haydarov. – Majmua ishga tushirilgach, mahsulotimizni ham ichki, ham xorij bozorlarida sotishni rejalashtirganmiz. 
Bundan tashqari, Samarqand tumanidagi "Istiqlol shu’lasi" ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi qoshida yiliga 1 million tonna sement ishlab chiqarish imkoniga ega zavod barpo etilmoqda. 
Ha, viloyatimizda mavjud xomashyo resurslari imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘iga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlashga keng yo‘l ochishi shubhasiz.

Adham HAYITOV,
Lutfulla ShOMURODOV.