Festival-2021: Yoshlar fermerlik, tadbirkorlik hamda shaxmat-shashka bo‘yicha bellashdilar

Bugun Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida «Yoshlar festivali- 2021» doirasida bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi. 

Filial qoshidagi «Fermerlar maktabi» bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yosh fermer va tadbirkorlar» loyihasida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘ziga xos ko‘rik-tanlovda ishtirok etdi. Unga ko‘ra, talabgorlar hay’at a’zolariga o‘z biznes loyihalarini o‘zbek va chet tilida bayon etdi.

Ko‘rik-tanlovda 1-o‘rinni TDAU Samarqand filiali talabasi Temur Mexliyev egalladi. 2-o‘rin Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali talabasi Parviz Quvondiqov va TDAU Samarqand filiali talabasi Mahliyo Sharofboyevaga nasib etdi. TATU Samarqand filiali talabasi Mahliyo Ahatova hamda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabasi Aziza O‘rolova 3-o‘rin sohibalari bo‘ldi. 

Tanlov g‘oliblari diplom va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

***

Festival doirasida filialda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida shaxmat va shashka ko‘rik-tanlovi ham bo‘lib o‘tdi. 

Musobaqada viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalaridan talabgorlar qatnashdi. Natijalarga ko‘ra, shaxmat bo‘yicha qizlar o‘rtasida SamDU talabasi Zebo Usmonova, o‘g‘il bolalar o‘rtasida SamDAQI talabasi Temur Shernazarov 1-o‘rinni egalladi.

Shashka bo‘yicha qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada SamDU talabasi Zamira Usmonova, o‘g‘il bolalar o‘rtasida shu universitet talabasi Fayzullo Mardiyev 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.