Festival olis qishloqlardan iste’dodlarni izlab topyapti

“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi festival bugun Nurobod tumanida davom etmoqda.

Tadbirlarda tumanning barcha mahallalaridan yoshlar vakillari ishtirok etyapti. Nurobodning olis hududi - Arabotada yashovchi yoshlar ikki yildirki festivalda faol.

- Mahallamiz yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning birinchi mavsumida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqaning respublika bosqichida 27-30 yosh toifasida 3-o‘rinni egalladi, - deydi yoshlar yetakchisi Orzubek Fayzullayev. – Natijada hududimizda 200 million so‘m mablag‘ evaziga sport maydonchasi barpo etildi. Ikkinchi mavsumda esa mahalladoshimiz Eldorbek Eshmamatov respublika paralimpiada musobaqalarining stol tennisi yo‘nalishida uchinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. Yaqinda o‘tkazilgan uchinchi mavsumda ham yengil atletika bo‘yicha mahallamiz yoshlari respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu gal bir emas, ikki guruh, ya’ni 22-26 yosh, 27-30 yosh toifasida havaskor sportchi yoshlar viloyatimiz sha’nini himoya qiladi.

Erta tongda yurish marafoni, sport o‘yinlari, musobaqalar bilan boshlangan tadbirlar madaniy-ma’rifiy kechalar, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar va turli tanlovlarga ulanib ketdi.

So‘g‘diyona MUSULMONOVA,

Farangiz SAYFULLAYeVA.