Fikrlashga undovchi maqola

Bu haqda ilgari fikrlab ko‘rmagan ekanman. Bugungi kunda chindan ham odamlarning qimmatli vaqtlarini o‘g‘irlayotgan har xil behuda gap-gashtaklar ko‘payib boryapti. Maqolada juda to‘g‘ri ta’kidlangan, gap-gashtak bekorchilikdan vaqtni o‘tkazish, g‘animat dunyoda o‘ynab-kulib qolish deb tushunish uchun emas, do‘stu yorlar diydorlashib, axloq-odob, tarbiya, mutolaa qilingan kitoblar haqida taassurotlar baham ko‘riladigan, yurtimizda ro‘y berayotgan ulug‘vor ishlar, ezgulik, yaxshilikdan bahs-munozara qilinadigan ma’naviy uchrashuv, suhbat bo‘lishi kerak.

Ammo biz buni unutib qo‘ymayapmizmi? Asosiy ishlarimiz qolib, foydasiz yig‘inlar bilan kunimiz o‘tib ketmayaptimikan? Qarindoshlarimdan biri bir oyda beshta gashtagi borligini aytib qoldi. Sinfdoshlari, kursdoshlari, qo‘shnilari, hamkasblari, erining sinfdoshlari xotinlari bilan. Xullas, maqtanib, hammasini birma-bir sanab berdi.
Amerikalik mashhur yozuvchi Og Mondina o‘zining "Yaxshi yashash siri" kitobida "…hech qachon kun va tunlaringizni ikkinchi darajali keraksiz narsalarga sarflamang, yo‘qsa, hayotning asosiy chaqirig‘iga javob berishga vaqt topa olmay qolasiz", degandi.
Dam olish kuni edi. Shifoxonada davolanib kelgan qo‘shnimiz Samad buvadan hol-ahvol so‘ray deb yo‘qlab chiqdim. Bir yigit buvani o‘tirishga chaqirgani kelgan ekan.
– Afsuski, vaqtim yo‘q, o‘g‘lim! – dedi Samad buva. 
Yigit ketgach, buvaga:

– Uyda zerikib o‘tirgandan ko‘ra boraqolsangiz bo‘lardi, buvajon, gurunglashib kelardingiz, – dedim.
– E, ona qizim, qanaqa gurung, – dedi Samad buva xo‘rsinib. – Avvalgi gurunglar qayerda? Bir olam taassurot, bir olam pandu nasihat, ibrat olardik. Hozir-chi? Na suhbatning tayini bor, na mazmuni. Bo‘kib aroq ichish-u, tuturuqsiz gaplar. Undan ko‘ra kitob o‘qib, uyda o‘tirganim yaxshi!
Buvanikidan chiqsam, boshqa qo‘shni xonadondan qizaloqning bo‘g‘ilib yig‘layotgani eshitildi. Eshikni taqillatdim.
– Aziza, nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan? Och eshikni.
– Men emas, singilcham yig‘layapti. – Ichkaridan yig‘lamsiragan ovoz eshitildi. – Oyim ustimizdan qulflab ketgan. Xolajon, iltimos, telefon qiling, singilchamni ovuta olmayapman!

Shoshib oyisiga qo‘ng‘iroq qildim, ammo telefoni o‘chirilgan ekan.
– Oying qayerda? 
– Dugonalari bilan restoranga ketgan.
Bunday voqealar ko‘p bo‘lib turadi. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, gazetada odamlarni mushohada yuritish va fikrlashga undaydigan bunday maqolalar ko‘proq berilishini istardim.

Ozoda ABDUSAMATOVA.