Fozil Yo‘ldosh izidan

Bugun ham tumanda shoir Fozil Yo‘ldosh izdoshlari bormi? Dostonchilik an’analari davom etyaptimi?

– Tumanimizda baxshilik san’atiga qiziquvchi yoshlar ko‘p, – deydi tuman madaniyat bo‘limi mudiri Alijon Isoqov. – Ular Bulung‘ur dostonchilik maktabi an’analarini davom ettirib kelmoqda. Jumladan, "Chavqi" folklor-etnografik xalq jamoasi a’zolari Fozil Yo‘ldosh ijodiy merosidagi terma va dostonlardan unumli foydalanib, o‘z repertuarini boyitib kelmoqda.

Tumanda milliy san’atimizga qiziquvchi yosh iqtidorlarni topish, ularni rag‘batlantirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda "Yosh talantlarni izlaymiz" ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Unda yoshlar raqs, folklor, baxshichilik, dostonchilik, milliy sozlar ijrosi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z mahoratini ko‘rsatadi. Bu yilgi tanlovda Sherqo‘zi Norbekovning baxshilik bo‘yicha iqtidori kashf etildi. Ayni paytda u O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Suvonqul Abduqodirov rahbarligida Fozil Yo‘ldosh kuylagan dostonlarni o‘rganmoqda.

– Bu san’atga qiziqish otam Suyunboy baxshidan o‘tgan, – deydi Sh.Norbekov. – O‘n yoshimda qo‘limga do‘mbira oldim. Ayni paytda "Rustamxon", "Alpomish", "Kunlarim" dostonlarini kuyga solishni o‘rganyapman. Viloyatimizda o‘tkazilayotgan tadbirlar, to‘ylarda doston va o‘zim yozgan termalardan parchalar aytib, xalq orasida biroz unutilgan milliy qadriyatni keng targ‘ib qilishga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shishga intilyapman.

Rabbim HOTAMOV.