Frederik Bopertyu-Bressand xonimning ajdodlari o‘zbek bo‘lganmi?
SAMARQANDGA ILK MUHABBAT
Kiyimidan tortib qadim Buxoro, Samarqand me’moriy obidalari tasviri tushirilgan eski suratlarni avaylab joylab qo‘ygan safar sumkasiyu taqinchoqlarigacha samarqandlik hunarmandlar tomonidan yasalgan. U bu liboslarni ko‘z-ko‘z qilish uchun faqat O‘zbekistonda emas, AQSh, Ispaniya, Fransiya - ish yuzasidan qaysi davlatga bormasin, o‘sha yerda ham kiyadi. Uning garderobida bunday liboslar, adras chopon, nimcha, lozim, ko‘ylak va do‘ppilarning xilma-xili mavjud.
Frederik xonim shunchaki tarixiy obidalarimiz va madaniy merosimiz, liboslaru san’atimizga oshufta sayyoh ayol emas. Frederik Bopertyu-Bressand - tarixchi olima, Fransiyadagi "Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganuvchilar" assotsiatsiyasi prezidenti. Assotsiatsiya muassisligida chop etiladigan "La Timuride" jurnali bosh muharriri. Frederik xonimning O‘zbekiston, temuriylar tarixi bilan bog‘liq tadqiqotlar olib borishiyu bu o‘lkani chuqur tadqiq etishi faqat assotsiatsiya rahbarligi tufayli emas, bu ishlarning ildizi uning muhabbati tufaylidir. O‘zbekistonga, Samarqandga maftunligi bir paytlar kasbining ham o‘zgarishiga sabab bo‘lgan.
- Birinchi marta O‘zbekistonga 1977 yilda kelgandim, - deya xotirlaydi Frederik xonim. - O‘shanda Fransiyadagi universitet talabasi bo‘lib, rus va xitoy tilini mukammal o‘rganayotgandim. Rus tilini yaxshiroq o‘zlashtirish, uning barcha nozikliklarini tushunish uchun sobiq ittifoq tarkibidagi qariyb barcha davlatlarda bo‘ldim. Shunday safarlardan birida Samarqandga ham keldim. Ilk tashrifimdanoq bu yer men uchun tushuntirib bo‘lmas darajada qadrdon tuyuldi. Fransiyaga qaytgach, minoralaru niliy gumbazlar tushlarimga kira boshladi. Oradan bir necha yil o‘tgach, yana keldim.
Shohi Zinda, Registon, Bibixonim… Har birining tarixiyu yaqin o‘tmishi bilan qiziqib, o‘rganarkanman, bu vaqt davomida bu yerning odamlaridagi samimiyat, hunarmandlari mahsulotlaridagi jilolariga yanada ko‘proq bog‘lanib qola boshladim. Fotoapparatimni oldimu shaharni piyoda aylandim. Obidalar, ko‘chalar, odamlaru binolar bir-bir fotoapparat nishoniga tusha boshladi. Fransiyaga qaytgach, ularni tomosha qilarkanman, fotoko‘rgazma uchun yetarlicha suratlar borligi xayolimdan o‘tdi. Xayol ko‘p o‘tmay haqiqatga aylandi. Ko‘rgazmada O‘zbekiston tarixidan xabardor, temuriylar davrini o‘rgangan bir necha olimlar ham ishtirok etdi. Temuriylar davrining boy madaniy merosini tadqiq etgan fransiyalik olim Lyusen Keren bilan ham shu ko‘rgazmada tanishdim. U bilan temuriylar davri haqida ancha suhbatlashdik. Shundan so‘ng bu davr tarixi, Temur shaxsi, uning ota, hukmdor, diplomat, jangchi sifatidagi qirralari haqida har hafta suhbatlashadigan bo‘ldik.
"Ko‘rgazma bahonasida siz bilan tanishib, temuriylar tarixi bilan bog‘liq qiziqishlarimni baham ko‘ryapman. Ehtimol, bu davrga qiziquvchilar ko‘pdir. Ularni jamlab, assotsiatsiya tashkil qilsak, nima deysiz?". Bu taklifim olimga ma’qul keldi. Shu tariqa ko‘p o‘tmay, 1988 yilning 22 martida Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganuvchilar assotsiatsiyasi tashkil etildi. Uzoq yillar ushbu uyushmaga ustozimiz, tarixchi olim, professor Lyusen Keren boshchilik qildi. Shundan so‘ng suhbatlar qizg‘in ish jarayoniga aylandi. Avval Fransiya, so‘ng temuriylar tarixini o‘rganuvchi hamda qiziquvchi boshqa davlat olimlarini assotsiatsiyaga jalb eta boshladik. O‘sha yillarni eslayman. O‘zbekistonga assotsiatsiyamiz tashkil etilganligini ma’lum qilish hamda hamkorlikda ish olib borishni taklif etish maqsadida tashrif buyurdik. Ming afsus, bu payti sobiq ittifoq tuzumi tarkibida bo‘lgan mamlakatda Amir Temur shaxsi haqida pichirlab gaplashishar edi. Faqat 1991 yil, ya’ni O‘zbekiston suveren davlat sifatida e’lon qilingandan so‘ng aloqalar yaxshilanib, hamkorlikda qator ishlarni tashkil etdik.
O‘ZBEK MADANIYaTINING FRANSIYaDAGI TARFIBOTChISI
Assotsiatsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Uyushma tomonidan o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va boshqa tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatildi. Frederik Bopertyu-Bressand 2007 yilda Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyi doirasida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada "Temuriylar davri musiqasi" mavzuidagi ma’ruza bilan ishtirok etdi. Shu yillarda Parijda "Moviy Samarqand" va "Sehrli Samarqand" kitob-albomlari nashr etildi. Samarqandda o‘tkazilgan kitob taqdimotlaridan birida "Siz tufayli Samarqandga boshqacha nazar bilan qaray boshladik" degan lutfni eshitgan Frederik xonim bu e’tirofni haliyam ko‘nglida asrab yuradi. Assotsiatsiya O‘zbekiston madaniyati va san’atini nafaqat Fransiya, balki butun Yevropa, AQShda ham keng targ‘ib qilmoqda. Xususan, Parijda O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyevaning konserti, rassom Bobur Ismoilov va kulol Abdulla Narzullayevlarning ko‘rgazmalari tashkil etildi.
2016 yilda Germaniyada o‘tkazilgan "Alisher Navoiy va uning jahon adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi" mavzuidagi xalqaro konferensiyada assotsiatsiyamiz a’zolari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Umuman, faoliyati davomida assotsiatsiya tomonidan O‘zbekiston madaniyati, temuriylar davri, o‘sha davrga oid madaniy hayot mavzularida turli davlatlarda 200 ga yaqin konferensiyalar tashkil etildi.
Bu ishlarning hammasi assotsiatsiya rejasi ijrosi uchun emas, balki Frederik xonimning fidoyiligi, shu yurtga muhabbati tufayli amalga oshirilgan, desak ko‘pchilik ishonmasligi mumkin. Ammo Frederik xonimni bir necha yillardan beri taniydigan samarqandlik do‘stlari uning bir sirini fosh etib qo‘yishdi: "U ko‘pincha O‘zbekiston haqidagi kitoblarini nashr ettirish, xorijda o‘tkazayotgan konferensiyalari uchun mablag‘ni oilaviy byudjetidan ajratadi".
"ONAMIZNING AJDODLARI O‘ZBEK BO‘LGAN"
Oiladagilari Frederik Bopertyu-Bressandning qadim Samarqandga muhabbatini to‘g‘ri qabul qilishadi. Parijdagi xonadonidan katta bir uy faqat o‘zbekistonlik hunarmandlar yasagan mahsulotlar bilan bezalgan. Unda beshikdan tortib turli xildagi kashtayu so‘zanalargacha, ko‘zalardan tortib oftobalargacha bor.
- Qizimning tili chiqqanda aytgan birinchi so‘zi bilasizmi nima? - suhbatni davom ettiradi Frederik xonim. - U syu-za-ne, deb gapira boshlagan. Uni hatto beshikda katta qilmoqchi bo‘lgandim. To‘rt farzandimning hammmasi o‘zim kabi O‘zbekistonga mehr qo‘ygan. Sharq dunyosi ularniyam maftun etgan.
O‘zbekistonlik do‘stlarim uyimizga tashrif buyurishadi, men ham ularnikida mehmon bo‘laman va bu do‘stlikni judayam qadrlayman. O‘g‘limni uylantirishim munosabati bilan o‘tkazilgan to‘y marosimida do‘stim Munojot Yo‘lchiyevaning tashrifidan boshim osmonga yetgandi. Unga qo‘shiq aytib berishini iltimos qildim, u rad etmadi.
Ha, o‘z farzandining to‘yida uzun adras libosda, o‘zbek mumtoz ashulasiga raqs tushayotgan fransuz xonimini tasavvur qilish qiyindir. Ammo yonidagilari Frederik xonimni shunday taniydilar. Uning do‘stlari ham Sharq dunyosini chuqur tushunuvchi insonlar. Farzandlarining "Onamizning ajdodlari o‘zbek bo‘lgan", degan hazilomuz gaplariga jilmayib qo‘ya qoladigan xonim qariyb qirq yildirki, ko‘nglidagi bu mehr sabablarini aytib bera olmaydi, bu holga izoh topishdan ko‘ra, har gal kelganida mamlakat tarixi bilan bog‘liq yangiliklarni o‘rganib ketishni afzal biladi. Bu safar ham obidalarning tarixiy suratlarini izlab muzeylarni aylandi, olimlar bilan uchrashdi. Samarqanddagi o‘lkashunoslik, O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyi xodimlari bilan qizg‘in bahsga kirishdi. Afsus, ma’lum sabablarga ko‘ra tarixiy obidalarning qadimiy suratlarini o‘sha kun ko‘rish unga nasib etmadi.
- Hali shahar hokimi bilan ham uchrashishim kerak, - deya rejalariga nazar tashladi xonim. - Ammo bu biroz murakkab bo‘lsa kerak-a. Lekin vaqtim bor, u kishini ko‘rmasam bo‘lmaydi, axir kelgusi yili assotsiatsiyamiz tashkil etilganligining 30 yilligini shu yerda ham nishonlashni niyat qilganmiz.
Ungacha Frederik xonim "Sabr" markazi tomonidan tashkil etilgan, yordamga muhtoj, ishsiz xotin-qizlarga bepul kasb-hunar o‘rgatish markazlari faoliyati bilan tanishib chiqdi. Bir necha marta ushbu markaz bilan hamkorlikda xorijda "O‘zbekiston xotin-qizlari" ko‘rgazmasi tashkil etilgan bo‘lib, unda ham Frederik xonim faol ishtirok etgandi. "O‘zbek ayollarining samimiyligi, jamiyatda faol ekanligi, oilaparvarligi kabi fazilatlarini judayam hurmat qilaman", deya bu qiziqishiga izoh beradi xonim.
Frederik xonimning Samarqandga bu galgi tashrifi faqat shular bilangina cheklangani yo‘q. Xalqaro konferensiyada ishtirok etish, arxeologiya instituti olimlari tomonidan Samarqand tumanidagi Kofirqal’ada olib borilgan ishlar bilan tanishish, o‘zi alohida mehr qo‘ygan, har bir obidasi yod bo‘lib ketgan Shohi Zinda majmuasini yana bir ko‘rish, do‘stlari bilan uchrashuv - tig‘iz grafik asosidagi samimiy muloqotlar hammasi uning uchun judayam qadrli.
Allaqaysi e’tiqodga ko‘ra, inson bir necha umrni yashab o‘tishi mumkin ekan: turli asrlarda, turli qiyofalarda. Agar shu fikrga tayanadigan bo‘lsak, ehtimol, Frederik xonim ham XV asrlarda aynan Samarqandda, yanayam aniqrog‘i, temuriylar saroyida yashagan bo‘lishi kerak. Uning Sharq dunyosi, xususan, O‘zbekiston, Samarqandga nisbatan muhabbati sababini aniqlash uchun boshqa izoh topa olmadik.
Gulruh MO‘MINOVA,
«Zarafshon» muxbiri.
("Zarafshon" gazetasi, 2017 yil 7 oktyabr, 125-son)