Fuqarolarni paxta terimiga majburlab olib chiqqan Bog‘ot tumani hokimi ma’muriy javobgarlikka tortildi

Mahalladosh.uz saytida Bog‘ot tumani hokimining fuqarolarni, ishchi-xizmatchilarni paxta terimiga majburiy tarzda jalb etgani to‘g‘risida xabar tarqalgan edi. Shuningdek, hokim 19 sentyabr kuni paxta masalasi bo‘yicha tumandagi 300 ga yaqin fermer xo‘jaligi rahbarlari, hududlardagi terim otryadlari mas’ullari, byudjet tashkiloti va idoralar rahbarlarini yig‘ib, kechki soat 20:30 dan 22:00 gacha majlis o‘tkazgan.

Mazkur holat Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i boshchiligida o‘rganilgan. Natijada Bog‘ot tumanida haqiqatan mehnat qonunchiligi me’yorlari buzilganligi aniqlandi, deya xabar bermoqda vazirlik.

Shunga muvofiq, Bog‘ot tumani hokimi O.Xolboyev, tuman moliya bo‘limi boshlig‘i J.Ro‘zmetov hamda tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.Avezovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan 2 230 000 so‘mdan 6 690 000 so‘mgacha, jami 15 610 000 so‘m miqdorda jarima tayinlandi.

Shuningdek, vazirlik bu yil qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun narxlar oshirilib, birinchi terimda – 800 so‘m, ikkinchi terimda – 1200 so‘m to‘lanishi belgilanganini eslatmoqda. Shuningdek, paxta terimida ko‘ngilli sifatida qatnashish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun terim.uz sayti ishga tushirildi.