Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudyasi bir oyda o‘rtacha 67 ta ishni ko‘rib chiqadi
Avval xabar berganimizdek, Matbuot uyida viloyat sudlari raislari ishtirokida joriy yil birinchi yarim yillik yakunlari yuzasidan brifing bo‘lib o‘tmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi B.Norovning axborotidan anglash mumkinki, mazkur sud sudyalarining jamoatchilik ishtirokida sud majlislari o‘tkazishi odatiy holga aylangan.
Xususan, fuqarolik sudlari tomonidan ko‘rilgan 9 mingdan ziyod ishning 4 ming 129 tasi sayyor sud majlislarida ko‘rib tamomlangan. Olti oyda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari tomonidan 9 ming 245 ta fuqarolik nizolari ko‘rib tamomlangan. Sud majlislarida 7 ming 329 ta da’vo qanoatlantirilgan. Demak, sudga da’vo kiritgan fuqaroning aksariyatining murodi hosil bo‘lmoqda.
Shuningdek, B.Norovning qayd etishicha, ishga tiklash bilan bog‘liq ishlar 52 tani tashkil etgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 taga ko‘paygan Fuqaroning hayoti yoki sog‘ligiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bilan bog‘liq 17 ta, ya’ni o‘tgan yilgidan 3 ta ko‘p ish ko‘rilgan.
O‘tgan olti oyda tumanlararo, tuman va shahar sudi har bir sudyasining o‘rtacha oylik ish hajmi 67 ta fuqarolik ishini tashkil qilgan.
Viloyat sudi birinchi instansiyada 299 ta, apellyasiya instansiyasida 185 ta, kassatsiya instansiyasida 280 ta fuqarolik ishlari ko‘rilgan.
Yoqubjon MARQAYeV.