Fuqaroni 10 ming dollar evaziga AQShga yubormoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi

Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahrida yashovchi 22 yoshli X.A. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 10 ming AQSh dollar miqdoridagi pul mablag‘lari Damir ismli shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Samarqand shahrida yashovchi 26 yoshli A.T. sodir etgani aniqlangan.

Unga ko‘ra, A.T. telegramdagi “USA Mexico otzivi” nomli guruhida jabrlanuvchi X.A.ga o‘zini Damir deb tanishtirib, Meksikaga charter reys orqali yuborishini aytib, aldov yo‘li bilan 10 ming AQSh dollar pullarini o‘tkazib olgan va pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Tergov departamenti tomonidan A.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.