Futbol: O‘zbekiston terma jamoasiga xorijlik bosh murabbiy keldi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi V.Abramov Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan saralash o‘yinlarida jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini qo‘ldan boy bergach, iste’foga chiqarildi. Bosh murabbiylikka nomzodlar ro‘yxatida Osiyo futbolini yaxshi biladigan sloveniyalik Srechko Katanets ham bor edi. U bilan og‘zaki kelishuvga erishilgan bo‘lib, endi rasman shartnoma imzolash qolgandi. Yangi bosh murabbiy shu maqsadda Toshkentga yetib keldi.

S.Katanets futbolchi sifatida Yevropa va jahon chemponatlarida ishtirok etgan, murabbiy sifatida esa bir qator milliy jamoalar bilan yaxshi natijalarga erishgan. Ayniqsa, Iroq termasini Osiyo qit’asida yuqori darajaga olib chiqqanligini ko‘pchilik yaxshi biladi. Sloveniyaning esa jahon va Yevropa chempionatlaridagi muvaffaqiyatli ishtirokida uning xizmati beqiyos.

- Menga ishonch bildirib, terma jamoaga taklif qilganingizdan minnatdorman, - deydi S.Katanets. – O‘zbek futboli haqida yaxshigina xabarim bor. Ayniqsa, Eldor Shomurodov haqida juda ko‘p narsa bilaman, u Yevropada hozir eng kuchli futbolchilar qatorida tan olinmoqda.

Srechko Iroqda ishlaganida futbolchilarning darajasidan kelib chiqib, himoyaviy usulni tanlaganligini bilamiz. Ehtimol, O‘zbekiston milliy jamoasida ham o‘yin uslubini biroz o‘zgartirishi mumkin. Nima bo‘lganda ham jamoamizni Osiyo chempionatida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishida yangi murabbiydan natija kutamiz.

Dilmurod To‘xtayev.