Fyuchers nima va u O‘zbekistonga qanday foyda keltiradi?

Fyuchers shartnomalari nima? Uni birjaga tatbiq etishda qanday afzalliklar bor? O‘zbekiston iqtisodiyotiga bu moliyaviy vositalar nima berishi mumkin?
Shu kabi savollarga O‘zbekiston Respublikasi tovar xomashyo birjasi viloyat filialida Chikago birjasi maslahatchisi, fyuchers savdolari bo‘yicha xalqaro ekspert Aleksandr Belozersev ishtirokida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda fyuchers shartnomalarini joriy qilish imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusidagi seminarda javob izlandi.
Seminarda Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy viloyatlaridagi tovar xomashyo birjasi rahbar va xodimlariga fyuchers savdolari yuzasidan maslahatlar berilib, birjalarda muddatli shartnomalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
- O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish sharoitida birja savdosini yanada rivojlantirishning zarur bosqichlaridan biri derivativ moliyaviy vositalarni qo‘llash hisoblanadi, - deydi A.Belozersev. – Bunda fyuchers shartnomalarini joriy etish eng maqbul yo‘ldir. Bu narxlarning keskin o‘zgarishiga moyil bo‘lgan tovar bozorlari uchun alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston tovar xomashyo birjalariga birinchi tashrifim yurtingizda zamonaviy moliyaviy vositalarni o‘zlashtirish imkoniyatini baholash hamda fyuchers savdolarini joriy etish xatarlari va imkoniyatlarini aniqlashga qaratilgan.
Xalqaro ekspertning ta’kidlashicha, fyucherslar orqali xavflarni muvaffaqiyatli boshqarish va iqtisodiyotga ko‘proq bo‘sh mablag‘larni jalb qilish, bozordagi narxlar muvozanatni ta’minlash mumkin. Yana bir muhim jihati, birja bitimlar bajarilishini kafolatlaydi. Natijada, kompaniyalar o‘z faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirish va yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishga ko‘proq mablag‘ sarflash orqali iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.