G‘amxo‘rlik va e’tibor namunasi

Tadbir davomida viloyat hokimining o‘rinbosari A.Umarov, Samarqand shahar hokimi F.Rahimov, "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari shaharda istiqomat qilayotgan bir guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj, yolg‘iz va kam ta’minlangan keksalar holidan xabar oldi. Ularga issiq kiyim va oziq-ovqat mahsulotlari berildi. 

Prezidentimiz qarorida belgilangan vazifalar asosida viloyatimizda istiqomat qilayotgan 460 nafar yolg‘iz va kam ta’minlangan keksalarning qishki mavsumda issiq kiyimlar, asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida ro‘yxati shakllantirilgan. Xayriya tadbirlariga mahalliy byudjet va "Nuroniy" jamg‘armasi tomonidan  160 million so‘m mablag‘  ajratildi.

– Bayram arafasida holimizdan xabar olib, bizlarga ko‘mak berishganidan xursand bo‘ldik, – deydi Samarqand shahridagi Bog‘i Temur mahallasida yashovchi I guruh nogironi G.Kuchirenko. – Berilayotgan e’tiborni doimo his qilib yashaymiz.  Buning uchun Prezidentimiz va viloyatimiz rahbarlaridan minnatdormiz.

Xayriya tadbirlarida 200 nafar yolg‘iz keksalarga issiq kiyimlar berildi. Shuningdek, 260 nafariga oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari tarqatildi. 

* * *

Shu kabi xayriya tadbiri Bulung‘ur tumanida ham o‘tkazildi. Tuman hokimligi,  tibbiyot birlashmasi, "Nuroniy" jamg‘armasi tuman bo‘limi  vakillari 19 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj va  yolg‘iz yashaydigan keksalar xonadonlariga tashrif buyurdi va sovg‘alar ulashdi.