Gagarinning toshkentlik do‘sti

(Eksklyuziv suhbat-ocherk)

Asrlar davomida odamlar voqelikda birinchi bo‘lganlarni o‘rgandi, ikkinchi, uchinchilar esa... ko‘pincha panalarda qolib ketdi. 

– Kosmosga birinchi kim chiqqan?

– Yuriy Gagarin.

– Ikkinchi bo‘lib-chi?

– Eslolmadim...

Demak doim birinchi bo‘lish kerak.

Gagarindan keyin to bugungacha fazoga yuzlab uchoqlar uchdi, ammo fazogir ularning birinchisi edi.

Xullas, Gagarin bilan bog‘liq nimaiki bo‘lsa, insoniyatga hamon qiziq tuyuladi...

***

Ilk kosmanavtni ko‘rganlar yer yuzida sanoqli qolgandir, ammo u bilan birga o‘qib, do‘stlashib yurganlardan biri... hozir ham tirik desam, birov ishonarmikan? Agar u Toshkentda yashayotgan bo‘lsa-chi?

Uch fazogirning do‘stona surati necha kundirki meni o‘yga toldiradi. Ulardan biri Boris Belaxatyuk – Toshkentda yashar ekan. “Samarqand darvoza” atrofidagi mahallalarni kezib yurar ekanman, nuqul uning manzilini so‘rash uchun biror mo‘ysafidni qidiraman. To‘g‘rida, yoshlar qayerdan bilsin.

Oxiri, mahalla raisi boshchiligida uni topishga muvaffaq bo‘ldim. Avval “mahallakom”ning o‘zi gaplashdi. Aytishicha, suhbatga rozi bo‘lmabdi.

– Boshqa biror kuni keling, kayfiyati yaxshi bo‘lsa, xo‘p deb qolar... – degan ilinj bilan orqaga qaytdim.

To‘rt-besh kun sim qoqaverib, raisni tinch qo‘ymadim. Oxiri: – Kelsangiz keling, uyiga olib boraman. Xohlasa gaplashadi, bo‘lmasa yo‘q, – deya masalaga nuqta qo‘ydi. Uchib bordim. Birgalikda ko‘hna “dom”ning birinchi qavatidagi xonadonga kirdik. Boris aka jiddiy kutib oldi.

– Ichadimi, – dedi u mahalla raisiga meni ishora qilib.

– Yo‘q, – deya bosh irg‘idim.

– Unda intervyu ham yo‘q, xayr, – dedi fazogirning do‘sti.

Uning ovozi yo‘g‘on, dublyaj ustalariniki kabi jarangdor edi. Biroz o‘ng‘aysizlanib qoldim. Buni sezgan Boris aka: – Xafa bo‘lmaysizlar, “prinsip”im shunaqa. 200 grammni icha olmagan odamga uncha ishongim kelmaydi.    

 “Mahallakom” “piq” etib kuldi. Fazogirning do‘sti va men o‘ta jiddiy qiyofada qoldik. Sal o‘tmay, Boris aka stakanni to‘ldirib quydi.

– Suhbatni boshlaymizmi? – dedi stakanga ishora qilib dadil ovozda. Negadir xo‘rligim keldi. Yelkamdan og‘ir so‘mkamni yechib, yonimdagi stulga qo‘ydimu, stakanni qo‘lga oldim. Suhbatdoshning ko‘m-ko‘k ko‘zlari menga qadalib turdi. Ko‘zimni chirt yumib, endi ichishga chog‘langanimni bilaman, “stoy” dedi fazogirning do‘sti.

– G‘ujuring o‘lmaganini bilishim kerak edi. Durust. Mayli, ozgina gaplashamiz, faqat oozgina...

Yuriy tomon yo‘l

– 1955 yil. 10-sinfni tugatishim bilan, bizni armiyaga olib ketishlari kerak edi. Lekin men unga qadar, ya’ni 9-sinfda o‘sha paytlardagi “DOSAAF”(hozirgi Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti)ning lyotchiklar bo‘limiga o‘qishga kirgan edim. Ikki yil qatnadim. Bizni Sirdaryoga olib ketishdi, uchuvchilikdan dars olib, hatto mustaqil parvozni ham o‘rgangan edik. Maktabni tugatishimiz bilan “Pilot” degan diplom va Orenburg harbiy uchuvchilik institutiga yo‘llanma berishdi. Bordik, sinovlardan o‘tib, o‘qishga kirdik.

Negadir men o‘sha onda Boris akaning har bir so‘zini qanchalik mantiqli ekanini tekshirishga urinardim. Unga ishonmaganimdan emas, shunchaki inson xotirasi pand berishi, chalkashishi mumkin, deb o‘yladim. Axir oradan oz vaqt o‘tdimi? Shuning uchun u aytgan ayrim faktlarni aniq manbalardagi dalillar bilan taqqoslashga harakat qildim.

Fakt: 1955 yilda Gagarin harbiy xizmatga chaqiriladi. Uni Orenburgdagi Kliment Voroshilov nomidagi harbiy uchuvchilar tayyorlaydigan 1-aviatsiya harbiy bilim yurtiga jo‘natishadi.

– Bu yigitga Gagarin bilan qanday tanishganingizni ayting, – gazetaga qiziq-da... “Mahallakom” suhbatni shu tariqa bo‘lib qo‘ydi. Fazogirning do‘sti biroz sukut saqladi. So‘ng, andak jilmayib: – Uzr, o‘shanga oborayotgandim, – deb qo‘ydi.

– Qisqasi, birinchi kurs paytim. Sport maydonchasida basketbol o‘ynayotgan bir yigitga ko‘zim tushdi, chetdan kuzatib turdim, chaqqon, o‘zini katta sportchilardek tutadi. Azbaroyi basketbolga qiziqqanim uchun, u bilan tanishgim keldi. Borib ismini so‘radim.

– Yuriy, – dedi u.

– Familiyangchi?

– Gagarin...

– Men Boris Belaxatyuk. Tanishganimdan xursandman.

Sizga g‘alati tuyulayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo u o‘sha paytlar oddiygina Yuriy Gagarin edi.

U mendan: – Basketbol o‘ynashga qalaysan, – deb so‘radi. Shundan so‘ng jamoa yig‘dik, tayyorlanishni boshladik.

Kursantlarga o‘xshab, bizning ham kun tartibimiz qat’iy belgilangan edi: nonushta, jismoniy tarbiya, tushlik, darslar... faqat kechqurun bo‘sh vaqtimiz bo‘lardi. Shu tariqa Gagarin bilan ikki yil do‘stlashib yurdik. U juda mas’uliyatli va chiniqqan bola edi. Bizda Bekobod bor-ku, u Moskvaning shunga o‘xshagan joyida – po‘lat quyish zavodida ishlagan. Bizning “Vatanparvar”ga o‘xshagan joyda o‘qigan, harbiy tartib bo‘yicha juda yaxshi sport tayyorgarligiga ega edi.

Fakt: 1954 yilda Gagarin Saratovdagi Mudofaaga ko‘maklashuvchi tashkilot qoshidagi aeroklubga qatnay boshlaydi. Bu yerdagi bir yillik ta’lim davomida u uchuvchilik sir-asrorlarini o‘rganadi.

– Biz ikki yil birga o‘qidik, Yuriy hamma fanlardan yaxshi o‘qirdi, nimanikii so‘ramaylik, tushuntirishdan erinmasdi. 1957 yilda uni boshqa polkka ko‘chirishdi. Bu polkda asosan bitiruvchilar jamlangan bo‘lib, ular samolyotlarda uchishni mashq qilar edi.

Fakt: 1957 yilda bilim yurtini a’lo baholar bilan tugatgan so‘ng Yuriy Murmanskdagi 769 va 122-aviatsiya qiruvchi polklarida harbiy uchuvchi sifatida xizmat qila boshlaydi.

O‘shanda biz hayotning ikki irmog‘idan ketdik. Men sharoit taqozosi bilan Toshkentga qaytdim, u esa shimolga – Orxangelskka ketdi. Bir yil o‘sha yerda harbiy qismda uchish bilan jiddiy shug‘ullandi.

Esimda, 1959 yilning oxirlarida voyenkomatga soldatlarni tanlab olishga kelishganidek, Yuriy o‘qiyotgan joyga ham “xaridor”lar kelishgan. Ular 2000 nafar yigitdan 10 foizini tanlab olishgan. Ular ichida Gagarin ham bor edi. Nomzodlar, 25-30 yoshda, bo‘yi 170 santimetrdan yuqori, 70-72 kilogramm og‘irlikda bo‘lishi lozim edi. Balki ishonmassiz, Gagarinning bo‘yi 1,64 sm edi. Uni favqulodda aqliy va jismoniy holati yaqqol ko‘zga tashlanar, balki shuning uchundir, unga bu qoliplar mos kelmas edi.

Fakt: 1959 yil 5 yanvarda KPSS Markaziy qo‘mitasining 22-10-sonli, 22 mayda Ministrlar Sovetining 569-264-sonli “Birinchi kosmik parvoz uchun kosmonavtlar tanlab olish haqida”gi qarorlari chiqadi. 1959 yil 9 dekabrda kosmonavtlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olishlarini so‘rab iltimosnoma yozgan Gagarinni Moskvaga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun chaqirishadi. U ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tadi va nomzodlar safiga qo‘shiladi.

Boris aka meni qiziqtirish uchun Gagarinning bo‘yini 1,64 sm deb aytayapti deb o‘yladim boshida. Ammo u deyarli haq bo‘lib chiqdi. Uchuvchi haqida yozilgan rus manbalarining birida shunday yozilgan:

Fakt: Uchish maktabida o‘qiyotganda Gagarinda samolyotni qo‘ndirishda muammolar kuzatila boshlaydi. Boshqa fanlardagi yaxshi natijalariga qaramay, maktab ma’muriyati hatto uni o‘qishdan chetlashtirmoqchi ham bo‘ladi. Ammo, keyinchalik, maktab direktori Gagarinning bo‘yi (165 sm) tufayli mazkur muammolar kelib chiqayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab qoldi. Keyingi parvoz paytida bo‘lajak fazogirning o‘rindig‘iga qalin yostiq qo‘yildi va u hech qanday muammosiz samolyotni qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi.

Fazogirning do‘sti suhbatni davom ettirdi:

– Ilk fazogirlikka saralash qattiq kechgan. Nomzodlarni yarim yilcha o‘qitishib, mashqlar qildirishgach, 200 ta boladan yana 10 foizini tanlab olishgan, ya’ni atigi 20 nafarini. Keyingi 6 oylik tayyorgarlikdan so‘ng nomzodlardan 6 nafar yigit tanlab olingan. Ulardan bittasigina uchishi kerak edi.

Kabinaga birinchi bo‘lib Gagarin kirgan. Chunki u shuni qattiq xohlagan. Oyoq kiyimini yechib, kresloga o‘tirib olgan. Kapsula kabinasi xuddi uning uchun yasalgandek edi.

Ikkinchi bo‘lib kabinaga German Titov chiqqan, u Yuriydan gavdaliroq bo‘lgani uchun biroz qisilgandek bo‘lgan.

Boris aka jilmayib qo‘ydi. – Xuddi olam bir insonni o‘z bag‘riga parvoz qilishga tayyorlayotgandek, u esa Gagarin edi. Bo‘lmasa uning otasi stoler, onasi uy bekasi edi. Germanning ota-onasi esa ziyolilar bo‘lib, hatto Titov kuchli aql sohibi ham edi.

Rejaga ko‘ra, ilk parvozda SSSR Ministrlar Sovetining alohida konstruktorlik byurosi boshlig‘i Sergey Korolyov uchishi lozim edi. Ammo, nomzodlar orasida favqulodda iste’dodlilarni ko‘rgan Korolyov keskin qarorlar qabul qilishni boshladi. Korolyov shaxsan Gagaringa ovoz berdi.

Parvozga yaqin qolayotgan bir paytda Gagarin rafiqasi Valyaga xat yozadi. Darvoqe, Yuriy Valya bilan o‘qish paytida tanishgan, so‘ngra oila qurishgan, ikki qizi bor edi. Nizom bo‘yicha parvozga bo‘ydoqlar tanlab olinishi kerak edi, lekin u oilali, farzandli bo‘lsa ham baribir uni tanlashdi.

1961 yil 12 aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 09:07 da «Boyqo‘ng‘ir» kosmodromidan ichida Yuriy Gagarin o‘tirgan «Vostok» kosmik kemasining uchishiga start beriladi.

– Men bu xabarni gazetalardan sonma-son o‘qidim, eski qadrdonimni suratini ko‘rib, benihoya sevindim.

Gagarin bilan birga o‘qiganimni bilgan telestudiyadagilar meni ko‘rsatuvga taklif qilishdi. Ushbu ko‘rsatuv Gagarin kosmosga uchganining ikkinchi kunida efirga ketdi.

   Yuriy Yerga osmon qadar mashhurlik bilan qaytdi. Yuzlab davlatlarga sayohat qildi. Hamma unga samo kishisi sifatida qarar edi. U haqdagi qolgan voqealarni men aytmasam ham ko‘pchilik biladi.

Kosmanavtning bevaqt fojeali o‘limi ko‘pchilik qatori meni ham cheksiz qayg‘uga soldi. Uni Kremlga qo‘yishdi. Har gal Moskvaga borganimda gullar olib boraman. Negadir qabriga hech kimni yo‘latishmaydi. Men esa militsionerlardan iltimos qilaman, Yuriy bilan birga o‘qiganman, deganimdan so‘ng arang qo‘yishadi, Gagarin deb yozilgan taxtacha oldiga borib, gullarimni qo‘yaman.

Ikki-uch yil birga o‘qib, yeb-ichib, yaqin bo‘lib qolgan odamingni qabriga gul qo‘yish juda og‘ir bo‘ladi.

Negadir o‘shanda birinchi kursda nazariy darslardan keyin amaliy uchish mashg‘ulotlaridagi tayyorgarliklarimiz yodimga tushadi. O‘shanda Sergey ismli kursdoshimiz parvoz vaqtida samolyoti urilib, vafot etgan edi. O‘shanda Yuriy bilan ovqat ustida kayfiyatsiz o‘tirardik. Sergeyning joyi bo‘sh. Gagarin qabrini ko‘rganimda o‘shanda his qilganlarim yodimga tushdi.

Darvoqe, Gagarin O‘zbekistonga kelgan edi, afsus, uni oldiga yaqin qo‘yishmagan, u bilan gaplasholmagandim o‘shanda. Chunki uning har daqiqasi hisobli edi. Ammo birga o‘qiganimizda ota-onalarimiz bizni ko‘rgani kelib turishardi. Esimda, o‘zbek kursantlarining oilasi doim osh olib kelishardi. Bir gal Gagarinni osh yeyishga olib borgandim. Dasturxonda bizning uzum, nonlarimiz bor edi. O‘shanda Yuriy osh yeyish uchun qoshiq so‘ragani hech yodimdan chiqmaydi. Men unga osh qoshiq bilan emas, qo‘l bilan yeyilsa mazaliroq bo‘lishini tushuntirolmaganman. Hatto kaftimda osh olib, unga yedirishga harakat qilganman. U esa nuqul “qo‘ysangchi, Boris, qo‘ysangchi”, derdi. Rosa kulishgandik o‘shanda.

Xullas, men shunday inson bilan do‘st ekanimdan faxrlanaman. Men haqimda biror ma’lumot yozishingiz muhim emas, menimcha. Sizga ishonch bilan ayta olamanki, Yuriy katta fazogir edi. Men esa uning oddiy bir do‘sti – Boris Belaxatyuk edim xolos...

Xulosa o‘rnida.

Oydan tushgan Yuriy Gagaringa dunyoning to‘rt tomonidan xatlar oqib kela boshlaydi. Ularning aksariyatida uchuvchining Oyda Xudoni ko‘rgan yoki ko‘rmagani haqida so‘rovlar bor edi.

Xalq orasida esa Gagarinning Xrushchyov va Rim Papasi bilan bo‘lgan muloqoti hozirgacha tez-tez tilga olinadi. Ya’nikim, parvozdan keyin Xrushchyov Gagarindan fazoda xudoni ko‘rgan yoki ko‘rmagani haqida so‘raydi.

“Ko‘rdim”, – deydi hazillashib kosmonavt.

“Unda bu haqida hech kimga ayta ko‘rma”, – deydi u.

Rim papasi ham uchrashuvda fazogirga xuddi shu savolni beradi.

Ammo bu safar Gagarin Rim Papasiga “Ko‘rmadim”, – deb aytadi.

“Unda bu haqida hech kimga ayta ko‘rma”, – deydi u.

 Bobur ELMURODOV suhbatlashdi.

Manba