G‘alati irimlar

Har bir xalqning o‘z irim-sirimlari bor.Ularga ishonmaydigan odamlar kam. Ayrim ishonuvchilar unga amal qilishadi.

Aytaylik, ko‘pchilik xalqlarda yo‘lni qora mushuk kesib o‘tishi omadsizlik, bo‘sag‘ada turib gaplashish oraning buzilishi, darvoza tepasiga taqa qoqib qo‘yish muvaffaqiyat keltirishiga ishonishadi, idish-tovoqning sinishi yaxshilikka yo‘yiladi.

Agar yo‘lingiz tushib Yaponiyada bo‘lsangiz noyabr oyida do‘kon vetrinalarida taxlam-taxlam xaskashlarni ko‘rib og‘zingiz lang ochilib qoladi. Hayron bo‘lmang, bu ko‘rgazmaga qo‘yilgan noyob tovar emas - irim. Gap shundaki, yaponlar noyabr oyida "Xo‘roz kuni"ni nishonlashadi, bu yevropadagi Rojdestvo bayramiga o‘xshab ketadi. O‘sha kuni yaponlar uy-joylarini supurib-sidirib, bezashadi. Bunda siz o‘sha do‘konlarda ko‘rgan xaskashlardan foydalanishadi va ularni ko‘zga ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yishadi. Irimga ko‘ra, xaskashlar xonadonga omad keltirar emish.

Fen-Shuy madaniyati Xitoyda paydo bo‘lgan va bugungi kunda bu haqida dunyoda hamma biladi. Agar bu falsafa qoidalariga rioya qilinsa, xonadonda albatta, farovonlik, tinchlik, xotirjamlik hukmron bo‘ladi. Ammo Fen-Shuy bazi qoidalariga juda ehtiyotkor bo‘lish lozim. Masalan, ko‘zguni yotoqxonaga qo‘yish mumkin emas, negaki falsafaga ko‘ra ko‘zgu narigi dunyoga eshik hisoblanadi. Uxlaganda tanani tark etgan ruh xonaga qaytishda adashib do‘zaxga yoki jannatga o‘tib ketishi mumkin.

Ko‘pchilik xalqlarda singan ko‘zgudan juda qo‘rqishadi. Siniqni qo‘l bilan terib olish mumkin emas. Aks holda xonadonga kulfat yog‘iladi.
Buyuk Britaniyada soyabonni bino ichida ochish, quritish mumkin emas. Aks holda irimga ko‘ra xonadonga kulfat yomg‘irdek yog‘iladi, deb ishonishadi.

OAV xabarlari asosida T.Shomurodov tayyorladi.