G‘alati namoyish va ish tashlashlar

Odamlar o‘z huquqlari uchun har xil namoyish va ish tashlashlar orqali kurashib keladi. Ish tashlashni tashkil qilish, ayniqsa ommaviy axborot vositalari hukmronlik qiladigan bugungi dunyoda qat’iyat va tasavvurni talab qiladi, shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘pincha kasaba uyushmalari yetakchilari va faollar bu tadbirlarga biroz hazil yoki o‘ziga xoslik qo‘shishga harakat qilishadi. Qizig‘i, bu haqda agar matbuotda kichik bir eslatma yoki xabar berilmasa, norozichilik namoyishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan hisoblanadi. Bugun ana shunday g‘ayrioddiy namoyishlar haqida so‘z yuritamiz.

Kosmosdagi norozichilik

1973 yilda AQShning “Skaylab” kosmik stansiyasi astronavtlari ish tashlashdi. Ular Yerdagi rahbariyatdan ish hajmini kamaytirishni talab qilib, 24 soat davomida aloqani uzib qo‘yishdi. Bir kundan keyin kosmonavtlarning barcha istaklari inobatga olindi va aloqa qayta tiklandi.

Italiyacha namoyish
Xodimlar qat’iy ravishda o‘zlarining xizmat yo‘riqnomalariga muvofiq ishlay boshlashini tavsiflaydigan "Italyancha namoyish" atamasi mavjud. Bunda vaziyat chidab bo‘lmas holga kelib, kompaniya ishi ham to‘xtab qoladi.

Ushbu usul Shvetsiyaning Vageryudd shahrida sinovdan o‘tkazildi. U yerda avtobus haydovchilariga ishga shortikda kelish taqiqlandi va ruxsat etilgan dress-kod (kiyinish qoidalari)ga ishora qilinib, ularga shim, yubka, ko‘ylak va pidjak kiyib kelishlari mumkinligi aytildi. Ertasi kuni barcha haydovchilar ayollar yubkasida ishga chiqishdi.

Mening ish vaqtim tugadi

AQShda mahbuslarni bir joydan boshqa joyga olib o‘tayotgan qamoqxona avtobusi haydovchisining ish kuni manziliga yetib ulgurmasdan tugadi. U soatiga qaradi, vaqt tugaganini ko‘rdi va mashinani odamlari bilan yo‘l chetida qoldirib ketdi. Avtobusdagi 40 mahbusning uch soat o‘tirib, yangi haydovchi kelishini sabr bilan kutishdan boshqa chorasi qolmadi.

Men “donor”man

Vsevoljsk shahridagi “Ford” zavodi rahbariyati sezilarli miqdordagi ishchilarni qisqartirishga qaror qildi. Bundan norozi bo‘lgan ishchilar ommaviy ravishda donorlik markazlariga borib, qon topshira boshlashdi, chunki faqat shu sababli ular qonuniy dam olish kunini olishlari mumkin edi.
Bir brigada boshqasiga almashinib, hamma dam olish kuniga ega bo‘ldi. Konveyer to‘xtab qoldi, top-menejerlar esa “isyon”chilarga yon berishga majbur bo‘ldi.

“Lift operatori” - bu qanaqa kasb o‘zi?

1945 yilda AQShda lift operatorlari ish tashlashdi. O‘shanda har bir agregatda tugmachalarni bosadigan maxsus odam bo‘lardi. Operatorlar ishga borishdan bosh tortgan bir paytda, odamlar bilib-bilmay o‘zlari uchun zarur bo‘lgan qavat tugmachasini bosishni o‘rganib olishdi. Namoyishlar tugadi, bu kasb vakillariga ehtiyoj qolmadi va barcha lift operatorlari ishdan bo‘shatildi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.