G.Alimova: Shelterlar ayollar uchun vaqtinchalik boshpana
Samarqand shahar Farhod shaharchasidagi Cho‘ponota mahallasida tashkil etilgan «Umid» ayollar ijtimoiy moslashuv markazi bilan tanishar ekan, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hayratini yashira olmadi. Sababi, markazda yashash uchun barcha sharoit muhayyo: oshxona, yotoqxona, bolalar, tibbiyot xonasi, psixolog, huquqshunos xonalari. Qolaversa, qiyin vaziyatga tushib qolgan ayollar bu yerda tikuvchilik, sartaroshlik kabi hunarlarni o‘rganishi mumkin.
Samarqand viloyat matbuot va axborot boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi tashabbusi bilan bu yerda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi. Unda qo‘mita tomonidan o‘tgan yil mobaynida olib borilgan ishlar, joylarda tashkil etilgan ijtimoiy moslashuv markazlarining ahamiyati xususida axborot berildi.
- Shu paytga qadar hududlarda tashkil etilgan Ayollar ijtimoiy moslashuv markazlari, shelterlarga 217 nafar xotin-qiz murojaat qilgan. Ularning 87 nafariga tibbiy, 35 nafariga huquqiy, 16 nafariga kredit olishda yordam ko‘rsatilgan. 12 nafar ayollar oilalari bilan yarashtirildi, - dedi viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova. – Ushbu markazlarda oilada zo‘ravonlikka uchrab, borishga joy topolmay qolgan xotin-qizlarimizning vaqtinchalik yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ilgarilari xotin-qizlar qo‘mitasi bu masalada ayollarga yordam berishga qiynalardi. Bu maskanlardagi imkoniyatlar xotin-qizlar orasidagi turli salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Gavhar Alimova markazlar barcha shahar va tumanlarda tashkil etilgan bo‘lsa-da, barcha hududlarda uning ish faoliyati yetarlicha yo‘lga qo‘yilmaganini ta’kidladi.
Gulruh MO‘MINOVA.