G‘alla xarid narxi rostdan pastmi?

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorka yer egalari kengashining g‘alla ishlab chikarish jarayonini liberallashtirish, jumladan, bug‘doyni baholashda erkin narxlarni qo‘llash to‘g‘risida murojaati e’lon kilindi. Bu nimani anglatadi?

Murojaatda dehqon bozorlaridagi g‘alla davlat xarid narxidan baland ekanligi va bunday holat ishlab chiqaruvchilar manfaatlariga zarar keltirayotganligi tufayli davlat buyurtmasidan voz kechib, g‘alla yetishtirish jarayonini bozor mexanizmiga o‘tkazish taklif etilmoqda. Haqiqatan ham shundaymi?

Tahlillarga tayanadigan bo‘lsak, aynan davlat ehtiyoji uchun xarid qilinadigan g‘alla narxining past deb ko‘rsatilishi hozirgi sharoit uchun ajablanarli. Chunki hukumat oxirgi uch yilda 1 tonna g‘alla xarid narxini 550 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha, ya’ni kamida 2 baravar oshirdi. Bundan tashqari, joriy yilda yuqori hosildorlikka erishgan xo‘jaliklar 25 foizlik ustamaga ega bo‘ldilar va shuning hisobiga mahsulot birligi uchun daromad 1,5 milllion so‘mgacha yetdi. Ammo murojaatning asl mohiyati davlat xarid narxlarining pastligidan kelib chiqayotgani yo‘q. Chunki tadbirkorlarimiz iste’mol xususiyati yuqoriroq bo‘lgan 1 tonna g‘allani qo‘shni Qozog‘istondan 160-170 dollardan sotib oladi. Mamlakat ichida davlat o‘rnatgan amaldagi xarid narxlar ham bundan past emas.

 Ko‘p vaqt o‘tmay, bir xil navli mahalliy va xorijiy unlarning narxi tenglashadi. Bunday holatda raqobat kurashi ta’sirida "O‘zdonmahsulot" tarkibidagi sanoat korxonalari birin-ketin nochor ahvolga tushishni boshlaydi. Bu esa fermerlarning xo‘jalik faoliyatiga zarba bo‘ladi. Aslini olganda, bir gektar yerdan 50 sentner hosil olinsa, mavjud narxlar doirasida sof foyda 2,5 million so‘mni, rentabellik esa 25-30 foizni tashkil etishi mumkin. Fermerlarga bundan ortiq nima kerak?

Dehqon bozorlarida chakana sotiladigan g‘alla narxining xarid narxlaridan balandligi nolish yoki shikoyat kilish uchun asos bo‘la olmaydi. Fermer xo‘jaliklarida faoliyat turlarining kengayishi hisobiga mahsulotlarning tannarxi, foydasi va rentabelligi bo‘yicha hisob-kitoblarni alohida va aniq qilib yo‘lga qo‘yish muammosi mavjud. Buni hech kim inkor etolmaydi. Tashqi savdo faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xo‘jaliklarda esa bu ishlardagi vaziyat bundan ham murakkab kechmokda.

Xo‘sh, aksariyat holatda hisobchi, muhandis va agronomsiz faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklaridagi ushbu muammoni yechmasdan turib, Kengashning murojaatini kim ham jiddiy kabul qilishi mumkin. Aslida murojaatning tashabbuskori "O‘zdonmahsulot" kompaniyasi bo‘lishi kerak edi. Nega deganda, tizim korxonalari 1 kilogramm g‘allani 1500 so‘mdan xarid qilib, tayyor mahsulotni 1400 so‘mdan sotish majburiyati hukumat qarori bilan qattiq belgilab qo‘yilgan.

Amaliyotchi-iqtisodchi sifatida ularda bunday vaziyatdan chiqishning bir yo‘li bor, deb hisoblayman. Ya’ni, ishlab chiqarilgan mahsulot rasmiy hisobotda qisman ko‘rsatiladi va shu yo‘l bilan soliqlar chetlab o‘tiladi. Kepak, omuxta yem narxlari 2-3 baravar ko‘tariladi, ish haqi konvertda beriladi va shunga o‘xshash ishlar. Demak, muammoning asl mohiyati g‘allani qayta ishlovchi sanoat korxonalarida.

Ko‘pgina iqtisodiy muammolar uzoq yillardan buyon o‘z yechimini kutayotgani, ushbu faoliyatning xo‘jalik mexanizmi ancha eskirib kolgani, bu yerdagi munosabatlar bozor mexanizmiga emas, balki ko‘proq markazlashgan uslublarga tayangan holda amalga oshirilayotgani aniqku?!

Mantiqan olganda, murojaat tashabbuskorlari e’tiborni avvalo, paxta hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish va undan keyingina sohadagi muammolarni kompleks tarzda ko‘rib chiqish uchun hukumatga murojaat qilishlari kerak edi. Bu mummolar yechimida jahon tajribasini o‘rganish ilm-fan yutuqlari, jumladan, marketingga tayanib bozor mexanizmini shakllantirishga bog‘liq.

Yana bir jihat, fermerlarimiz erkin iqtisodiy munosabatlarga o‘tishga tayyormi va bunga o‘tilsa, fermerchilik harakatini nimalar kutmokda?

Bozor munosabatlari sharoitida mahsulotni qancha va kim uchun ishlab chiqarish kerak, degan savolga javob talab va takliflardan kelib chiqadi. Rejali iqtisodiyotdan voz kechiladi. Barcha moddiy-texnik ta’minot, kreditlash sohasidagi imtiyozlar bekor kilinadi, iste’molchi, jumladan, qayta ishlovchi va parrandachilik korxonalari bug‘doy yoki unning qaysi navini, qanday miqdorda sotib olishni mustaqil hal etadigan bo‘ladi. Samarasiz ishlayotgan xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, ularda vujudga kelgan qarzlardan voz kechish amaliyotiga barham beriladi. Soliqqa tortish tizimi, ekinlarni joylashtirish jarayoni, ishlab chiqarish resurslarining harakatlanishida ham tub o‘zgarishlar yuz beradi. Natijada xo‘jaliklar parchalanib, biri o‘rniga o‘nlab ixcham xo‘jaliklar paydo bo‘ladi. Bundan ko‘rinadiki, fermerlar qatlamining asosiy qismi yangi iqtisodiy munosabatlarga o‘tishga tayyor emas.

Bozor mexanizmini joriy etish - bu o‘ta ehtiyotkorlik va evolyusion yondashuvni talab qiladigan murakkab masala, uni yechmoqchi bo‘lsak, javoblardan ko‘ra savollar ko‘p bo‘ladi.

Davlat favqulodda vaziyatlarda kerak bo‘ladigan zaxiralarni barpo etish uchun o‘z xo‘jaliklarini tuzadi va buning uchun o‘z ixtiyorida taxminan 10 foiz eng unumli sug‘oriladigan ekin maydonini qoldiradi. Qolgan 3 million gektarga yaqin yerni uning sifatiga qarab tabaqalashgan, ya’ni har bir gektariga yiliga yuqori soliq to‘lash sharti bilan xohlovchilarga tavsiya etadi. Albatta, bu taklifdan keyin eng ilg‘or fermer ham 10 gektardan ortiq yerni tasarrufida ushlab turmaydi. Qisqa muddatda davlat byudjeti daromadlari qo‘shimcha 1-1,5 milliard dollarga oshadi va asosiysi, qishloq aholisi ish bilan ta’minlanadi.

Aslida, rejaviylik iqtisodiy faoliyatdagi tarmoqlar o‘rtasidagi mutanosiblik asosida biz ham Belorus tajribasini qo‘llab, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ratsional tarzda joylashtirishimiz mumkin. Faqat ishlab chiqarish rejalari yuqoridan pastga emas, aksincha, pastdan yuqoriga qarab tuzilishi va keyinchalik jamlanishi kerak.

Oddiy misol, aholi jon boshiga yiliga 65 kilogramm kartoshka yetishtirilishi kerak. Aholi soni va o‘rtacha hosildorlik ma’lum, demak mahsulot taxminan 100 ming gektarda ekilishi lozim. Buning qancha qismi tomorqa egalari va qanchasi fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ri kelishini aniq. Buni hisoblamaymiz. Natijada paxta va g‘allladan tashqari, 1,5 million gektar yer bo‘lishiga qaramasdan biz kartoshkani chetdan sotib olamiz. Sabzavot narxlari esa geometrik progressiya (ko‘payib yoki kamayib ketuvchi sonlar qatori) bilan o‘sib bormoqda. Buning sababi vazirliklar va mahalliy boshqaruv organlari o‘rtasida funksiyalar aniq belgilanmaganligida.

Qanday bo‘lmasin, Kengash tegishli vazirliklar bilan birgalikda o‘z salohiyatini qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchilarini texnika va malakali kadrlar bilan ta’minlashi zarur. Boshqaruv tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarish jarayoniga ilm-fan yutuqlarini keng joriy qilish asosida mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi va sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirishni o‘zining birinchi galdagi vazifasiga aylantirishi lozim.

Ilhom VAFOYeV,

iqtisodchi.