G‘alladan yuqori hosil olish bugundan boshlanadi

Ayni kunlarda Samarqand viloyatida sug‘oriladigan va lalmi yer maydonlariga kuzgi boshoqli don ekinlari ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

2020 yil hosili uchun viloyat bo‘yicha 101 ming 230 gektar sug‘oriladigan hamda 44 ming 600 gektar lalmi yer maydonlariga g‘allaning «Grom», «Vassa», «Yaksart», «Gratsiya» singari serhosil, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan  navlari ekilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan boshoqli don ekinlari navlarini hududlarning tuproq va iqlim sharoitini hisobga olgan holda joylashtirish, belgilangan muddatlarda ekish va parvarishlash, buning uchun zarur bo‘ladigan moddiy-texnika resurslarini o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berish yuzasidan doimiy monitoring-tahlil ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Toyloq tumanida 5 ming 57  gektar yer maydoniga boshoqli don ekinlari ekish rejalashtirilgan. Ekishga mo‘ljallangan yer maydonlari gektariga 300 kilogramm fosforli hamda 250 kilogramm kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirilmoqda. Kelgusi yil boshoqli don ekinlaridan gektariga 70-75 sentner hosil olishni mo‘ljallagan fermerlar ayni kunlarda g‘alla maysalarini sug‘orish, parvarishlash ishlarini obi-tobida bajarmoqda.

“O‘zagroinspeksiya” Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.