G‘allani qo‘ng‘ir zang kasalligidan saqlang

O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining Past Darg‘om tumani bo‘limi fitosanitar davlat nazorati inspektorlari g‘alla zararkunandalariga qarshi kurashish maqsadida har bir hududga biriktirildi va g‘alla ekilgan 17 ming 936 gektar maydon doimiy nazoratga olindi.

Xususan, joriy yilgi sharoitdan kelib chiqib, nam ob-havoning ko‘payishi natijasida qo‘ng‘ir zang kasalligi g‘allaga tushishining oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar o‘tkazilyapti.

Xo‘sh, qo‘ng‘ir zang qanday kasallik?

Bugungi kunda O‘zbekistonda qo‘ng‘ir zang kasalligi boshoqli don ekinlarida ancha kuchli rivojlanishi kuzatiladi. Bu zang ayrim dalalarda deyarli har yili uchrasa ham, odatda u sariq zangga nisbatan kech, aprel oyi oxiri – may oylarida paydo bo‘ladi, kuchli rivojlanmaydi va shu sababdan bug‘doy hosiliga katta zarar yetkazmaydi. Qo‘ng‘ir zang tufayli bug‘doy hosili yo‘qotilishi faqat ayrim mavsumlarda va ba’zi dalalarda kuzatilishi mumkin.

Sariq zang hosilning 58-85 foizini, qo‘ng‘ir zang 45-50 foizini va poya zangi 85-90 foizini nobud qilishi mumkin. Qo‘ng‘ir zang kasalligining hosildorlikka ta’siri 12 ta g‘alla navida kuzatiladi. Shundan  4 tasi nazorat va 3 tasi bug‘doyning yangi navi hisoblanadi.

Joylarda bo‘limimizning fitosanitar davlat nazorati inspektorlari g‘allakorlar bilan birgalikda qo‘ng‘ir zangi kasalligiga qarshi zarur agrotexnik tadbirlarni olib boryapti va fermer hamda agronomlarga kerakli tavsiyalarni bermoqda.

Odiljon Shomurodov,

O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining Past Darg‘om tumani bo‘limi fitosanitar davlat nazorati inspektori.