«Gap-gashtak» nima? Vaqt o‘g‘risimi, «kassa» o‘rnini o‘taydigan tadbirmi, diydormi yo aqlli odamlar anjumani?..

Ochig‘i, bunday tadbirlarga o‘rganib qoldik. Ilgari qariyalar, yoshlar yoki biror kasb egalari o‘zaro suhbat qilishardi. Endi esa bu ulfatchilikning ijtimoiy toifalari paydo bo‘ldi: ovsinlar, taksichilar va hokazo… Bunisi ham yetmaganidek, bu xildagi tadbirlarning tashkilotchilari, ya’ni kayvonilari shakllandi.

Bir kuni deng, noqulay vaziyatga duch kelib qoldim. Oshxonaga kirganimda yoshi katta bir odam ro‘parasidagi tengdoshiga dashnom beryapti.

- Hoy, landovur, soat 12:00 da deb kelishganmiz. O‘quvchiligingda ham tartibsiz eding, hozir ham kechikib kelyapsan. Uddalay olmas ekansan, bola-chaqangning oldida o‘tiravermaysanmi?

Haligi odam bechora qimtinib-uyalib, davraga qo‘shildi. Bunday anglasam, gapirgan odam davraning kayvonisi ekan. U boshqa stollarga e’tibor qilmasdan davrasida yana gap boshladi.

- Xo‘sh, endi bunday qilamiz. Gashtakni har oyda emas, 15 kunda bir o‘tkazamiz. To‘planadigan pul miqdorini ham bir baravar oshirib, 500 ming so‘m qilamiz. Tadbirimizni doimo mana shu yerda o‘tkazishni taklif qilaman. Uydagi gashtak ortiqcha tashvish: supur-sidir, qozon-tovoq, bola-chaqa ham bezovta bo‘ladi.

Alisher Ravshanov degan hamqishlog‘im bor. Bu akamiz bir umr dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Bir etak bola-chaqa bilan yashaydi va 25 sotix yerda tokchilik bilan shug‘ullanadi. Uzum yetishtiradi, mayiz quritadi, nihol sotadi, shu yerda yil bo‘yi boshqa ekinlar ham ekib, hosil oladi. Oila a’zolari orasida talabasi ham, o‘quvchisi ham bor. Har oyda bir to‘planishsa, chinakam gashtak bo‘ladi. Suhbatlari ham yerdan foydalanish, daromad olish, topilgan pulni oqilona sarflash haqida boradi. Gohida bunday davralarga bir-ikki nafar do‘st-birodari yoki qudalarini ham chorlashadi.

Demoqchimanki, hozirgi jamiyatda dildan suhbatlashish, diydorlashish, quvonchu tashvishni baham ko‘rish uchun, albatta, davralar kerak. Negaki, qishloq joylarida to‘planishning to‘y-ma’rakadan boshqa imkoniyati yo‘q. Lekin restoranlardagi ahvolni ko‘rib, bunday davralardan voz kechgim keladi. Keksalar, ayollar o‘tirgan stolga ham spirtli ichimliklar qo‘yiladi. Davraning o‘rtalaridan keyin pichinglaru g‘iybatlar boshlanadi. Tabiiyki, bu holat bolalarning qulog‘iga yetadi yoki ular bu holni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishadi. Kamina gashtaklar «vaqt o‘g‘risi»gina emas, deganda uning ana shunday ma’naviy zararini o‘ylagan edim. Ba’zan «Dugona, bugun shahar borib kelamiz, ayam uyda bo‘lmaydi, gashtakka ketgan», degan gaplarni eshityapmiz.

- Biz har 15 kunda «Damas» haydovchilari bilan gashtak o‘ynaymiz, - deydi tanishim. - 400 ming so‘mdan o‘rtaga pul tashlaymiz va tadbir o‘tkazuvchining qo‘liga beramiz. To‘g‘risi, gashtak «kassa» vazifasini o‘taydi. Uni faqat uyda qilamiz. Dasturxonni ham juda bezatib yubormaymiz.

Xullas, bu tadbir ommalashib ketyapti. Suhbat bo‘ladimi, «kassa» o‘rnini o‘taydimi, diydor bo‘ladimi, aqlli odamlarning anjumanlari, avvalambor, o‘zlariga zavq va ma’no berishi, atrofidagilarga va farzandlarga ibrat bo‘lishi zarur. Gashtakchilar ana shu qoidani unutmasa bas.

Husniddin Xoldorov.