Gastronomiyada emas, astronomiyada rekord qo‘yish vaqti keldi

Moliyaviy axborotlar bo‘yicha yetakchi kompaniya Bloombergning ma’lumotiga ko‘ra, Janubiy Koreya, Shvetsiya va Germaniya davlatlari yuqori innovatsion texnologiyalar bo‘yicha kuchli uchlikni zabt etdi. Nanotexnologiyalar, informatika, fizika va kimyo sohasidagi misli ko‘rilmagan yutuqlar – sun’iy intellekt, virtual borliq, yana qator aqlbovar qilmas gajetlar yaratilishiga sabab bo‘lmoqda.
Yaqinda gazetada dunyodagi mashhur «Volvo Group» korporatsiyasida samarqandlik Sherzod Jalilovning moliyaviy mutaxassis bo‘lib ishlayotganligi haqida o‘qib qoldim. Qiziq va o‘rnak olarli fakt: «Volvo Group»ning Polsha bo‘linmasida moliyaviy nazorat bo‘limi mutaxassisi, Toshkent moliya instituti moliya-iqtisodiyot fakultetini va Vrotslav davlat universiteti (Polsha) iqtisodiyot fakulteti magistraturasini a’lo baholarga tamomlagan o‘zbekistonlik yigitning aytishicha, bolaligidan ilm-fan va texnologiyalarga qiziqqan. Hozirda O‘zbekistonga qaytib, innovatsiyalarni joriy etish orqali iqtisodiyotni rivojlantirishni orzu qiladi.


Qoraqalpog‘istonlik yigit Aziz Murtazoyev Janubiy Koreyada tahsil olgach, ish faoliyatini dunyoning gigant korxonalaridan biri «Samsung»da boshladi. U ayni paytda mashhur «Facebook» kompaniyasida ishlamoqda. Jahonning avtogiganti "Volvo" korporatsiyasining yoki yirik ijtimoiy tarmoq – «Facebook» kompaniyasining mutaxassis sifatida o‘zbek farzandining bilimlariga ehtiyoj sezishi, shuningdek, minglab da’vogarlar orasidan aynan o‘zbekistonliklarning tanlab olinishi oddiy hodisa emas. Zamonaviy yoshlar hozirgi kunda aynan shunaqa ishni orzu qiladi.
O‘zbekistonlik yoshlarning yuksak texnologiyalar tarmog‘i rivojida ishtiroki mamlakatimizdan ham beqiyos iqtidor egalari yetishib chiqishiga, davlatimiz ilm-fan va taraqqiyot cho‘qqisiga chiqishiga ishonishga asos bo‘ladi. Bunga g‘oyalarni to‘plash uchun qulay muhit, noan’anaviy fikr yuritishning yangi bosqichiga chiqish imkoni berish kerak, xolos. Sherzod va Aziz ilk qaldirg‘ochlardir, hali yurtimizdan dovrug‘i olamga ketadigan minglab olimu fuzalolar yetishib chiqadi. Ana shunday orzu-umidlar, ko‘tarinki kayfiyat bilan internet sahifalarini varaqlar ekanman, katta qozon va turli yeguliklar bilan bezalgan sarlavhaga ko‘zim tushdi: "Endi 9 tonna palov tayyorlab, jahon rekordini yangilaymiz!".


Ana xolos! 
O‘tgan yili 8 tonnalik palov tayyorlanib, jahon rekordi qo‘yildi. Bu haqda g‘ururlanib gapirildi. Shov-shuvlardan ilhomlangan bir gastronomik firma "4 metr balandlikda shavurma tayyorlaymiz", deb ovoza qildi va buning uddasidan chiqdi. Oradan bir oy o‘tib-o‘tmay, viloyatlardan aks-sado keldi: "Biz 2 tonnalik sho‘rva tayyorlab, dunyoni lol qoldiramiz!".
Qaniydi, davlat va nodavlat tuzilmalar tomonidan targ‘ib etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy dasturlarni bajarish ham ana shunday, tez, sifatli amaliy natijalarini bersa?! Xo‘rak ilinjida likopcha ko‘tarib borgani, uzundan-uzun navbat va tartibsiz talashda uringani kabi kitob uchun ziyo uchun talashishsa?! Ming nadomatlar bo‘lsinkim, bizda ezgu maqsadlar, farzandlar kamoli uchun tuzilayotgan dasturlar ijrosi quruqqina, yetmay turgan mablag‘ ro‘kach qilinib, hisobot shaklida quyidan yuqoriga borib kelaveradi.
Bu endi sir emas. Ilm-fan, yangi texnologiyalar, ixtiro va yaratuvchanlik bo‘yicha ommaviy tadbirlar, reklama kompaniyalari o‘tkazilganda, ehtimol, nafaqat Toshkentda, balki boshqa viloyatlarda ham buning aks-sadosi ko‘rinar edi. Balki yosh olim-ixtirochilar, daholar yetishib chiqqan bo‘larmidi..


Qorin g‘ami haqida gapirganda Mahmudho‘ja Behbudiyning bundan yuz yil oldin 1915 yilda "Oyna" jurnalida "Bizni kemirguvchi illatlar" sarlavhali maqolasida "Millat oshqozon haqida emas, taraqqiy va irfon haqida o‘ylasin", degan so‘zlarini eslash muhimdir. Bir asr o‘tibdiki, afsuski, hanuzgacha ovqat masalasi ixtirolar, texnika taraqqiyoti xususidagi fikrlar o‘rnini egallab olmoqda. Televizorni qaysi kanaliga qaramang, qo‘shiqchilar(!) yoki xalq ardog‘ida bo‘lgan biror san’atkor chiqib, ovqat pishirishni o‘rgatadi. Mahalla yoki guzarga qaysi tadbirga bormang, mavzu oshga borib taqaladi. 
Gasronomiya muvaffaqiyatlaridagi sarxushlikdan voz kechish, kaloriyali taomlarni tanovul etish meshday qorinni, turli xastaliklarni qo‘zg‘ashi mumkinligi to‘g‘risida gapirish vaqti keldi. Suhbat-anjumanlar mavzusini katta doshqozonlarda ovqat pishirib, qorin to‘ydirishga qaratishni bas qilmas ekanmiz, taraqqiyot garovi – ilm va izlanishlarga shaylangan miyalarimiz o‘z quvvatini hazmi taomga bag‘ishlayveradi. 
Innovatsiyalar rivoji iqtisodiy o‘sishning muhim kalitidir. Buni sezib turibmiz. O‘z atrofini his qilish, anglay bilish esa zukko insonni keraksiz matohdan ham hayot uchun zarur kashfiyotni yaratishiga olib keladi.
Me’dani to‘q tutish me’yorida bo‘lsa, ilm bilan shug‘ullanishga kifoya qiladi. Ayni damda yaratuvchanlik, innovatsion yangiliklarga nisbatan tashna bo‘lib yashamoq muhimroq vazifadir.