Gaz bo‘yicha gap ko‘paydi

Keyingi kunlarda aholi o‘rtasida ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti masalasida murojaatlar, muammolar ko‘paydi. Mutasaddilar bu murojaatlarga javob beryapti, ba’zida holat tasdiqlanyapti, ba’zida rad etilyapti. Sovuq kunlar, ayoz boshlanmay turib shuncha masala yuzaga chiqyapti. Bu ahvolda qishda nima bo‘ladi?

Bu tizim qishga tayyor emasligidan dalolatmi yoki ayni paytda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida suyultirilgan gaz narxining ko‘tarilgani bilan bog‘liqmi? Bugun AYoQShda ushbu turdagi yoqilg‘ining bir litri 4000-4500 so‘mdan sotilmoqda. Tabiiyki, to‘ldirilgan bitta gaz ballon uchun 25-30 ming so‘mdan haq to‘lab kelgan kishilar kamida 100 ming so‘mga AYoQShdan gaz balloni to‘ldirib kelmaydi (albatta, har qanday shoxobchada gaz ballon to‘ldirish mumkin emas deyiladi. Ammo bu gap ham qog‘ozdagina bor).

Bugun viloyatimizda ham aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish hajmi oshmoqda. Ayniqsa, qishloq joylarida asosan suyultirilgan gaz berilmoqda. Talab, ehtiyoj oshgani sayin, tizimda transport, ishchi kuchi bilan bog‘liq muammolar kelib chiqmoqda. Buyoqda limit degan tushunchalar va yana boshqa o‘nlab masalalar bor.

Umuman, bugun shu yo‘nalishga ustuvor e’tibor berilayotgan ekan, sohadagi ish uslubini ham o‘zgartirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ballon to‘ldirish, tarqatish tizimini qayta ko‘rib chiqish lozim, nazarimizda.