Germaniyada Shavkat Mirziyoyevning progressiv g‘oyasi haqidagi kitob chop etildi
“Cotton-Textile Cluster — lokomotive of the economic development” («Paxta-to‘qimachilik klasteri — taraqqiyot lokomotivi»). Risolaning nomi shunday.
U O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori M.Rahmatov, akademik, biologiya fanlari doktori, professor B.Zaripov, NamDU o‘qituvchisi B.Niyozmetov, yurtimizda faoliyat yuritayotgan BCT va TCT klasterlari loyiha koordinatori M.Rahmatov hamda bosh menejeri A.Bahromov muallifligida ingliz tilida nashr etildi.
Kitobda mamlakatimizda keyingi yillarda agrar sektorda amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida batafsil hikoya qilinadi. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasiga tatbiq etilayotgan innovatsiyalar, nou-xaular, yangi g‘oyalar va ularning amaldagi samaralari, odamlar hayotiga ko‘rsatayotgan ijobiy ta’siri klasterlar faoliyati misolida keng ochib berilgan. Bunda nafaqat matn, balki tasvirlar, infografikalar, diagrammalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Unda e’tirof etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita g‘oyasi asosida hamda rahbarligi ostida O‘zbekistonga klaster tizimi olib kelinib, amaliyotga joriy etildi hamda shu bo‘yicha dunyo bo‘yicha noyob tizim yaratildi. Xo‘sh, bu hayotda qanday samara beryapti? O‘quvchilar kitobda ushbu savolga mufassal va tushunarli javob olishlari mumkin.
Avvalo, olimlarimiz davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan «Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi», «O‘zbekiston xalqi ertaga emas, bugun baxtli yashashi kerak» tamoyillarining mazmun-mohiyatini aynan o‘zbekona klasterlar asosida chuqur tahlil qilib berishgan. E’tirof etilganidek, 2017 yildan beri paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish, uning manfaatlarini himoya qilish, bu borada yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish borasida samarali mexanizmlar yaratildi. Zotan, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, klaster va manfaatdorlik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining kelajagidir.
— Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ish yuritishning klaster tizimiga o‘tilishidan ko‘zlangan birinchi maqsad — yerdan samarali foydalanish, — deydi professor Murtazo Rahmatov. — Qolaversa, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, chetga xom ashyo emas, qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar sotish, daromadni oshirish orqali dala mehnatkashlarining hayot darajasini ko‘tarishdir. Zero, agrar jabhadagi natijalar birgina hosildorlik ko‘rsatkichi bilan o‘lchanadigan davrlar o‘tib ketdi. Olinadigan daromad va sof foyda asosiy mezonga aylanishi kerak. Kitobda ana shu jihatni nafaqat nazariy va ilmiy tarafdan, balki hayotiy misollar bilan tushuntirishga harakat qildik. O‘zbekistonda qisqa davr ichida bu borada erishilgan natijalar haqida fikr yuritar ekanmiz, bunda Buxorodagi BCT va Toshkent viloyatidagi TCT klasterlari faoliyatiga murojaat qildik, aniq detallar va dalillarga suyandik.
Oddiy misol, fermerlar tolaning bir kilosini 1,5 dollarga sotsa, klasterlar paxta xom ashyosini bunday arzon bahoga sotmaydi. Ularda 1,5 dollarlik xom ashyoni 25 dollar qiymatga aylantirish imkoniyati bor. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 kilogramm toladan kalava ip yigirilsa, uning bahosi 2,5 dollarga, mato to‘qilsa 5,5 dollarga, tayyor tikuvchilik mahsulotiga aylantirilsa esa o‘rtacha 15 — 25 dollarga teng bo‘ladi. Mana, klasterning asosiy ustunligi qayerda?!
Klasterning yana bir afzalligi aholi bandligini ta’minlashda ko‘zga tashlanmoqda. Chunki har 100 gektarda 15 — 25 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlanishi, ularga mehnat daftarchasi ochilib, oylik maosh berilishi kerak. Afsuski, fermer xo‘jaliklarida buning uddasidan amalda chiqilmagani oqibatida chekka hududlarda ishsizlik masalasi eng og‘riqli muammoga aylandi. Klaster usuliga o‘tilgach, odamlar yil — o‘n ikki oy ish bilan ta’minlandi, mehnatiga yarasha haq berilmoqda. Bugun ular qishloq xo‘jaligidagi klaster islohoti samaralarini o‘z hayotida his qilmoqda. Risolada bu masalalar ham qamrab olingan.
Umuman olganda, Germaniyada nashr qilingan mazkur kitob dunyo hamjamiyatini Prezident Shavkat Mirziyoyevning elni farovon, xalqni boy qiluvchi ushbu g‘oyasi mazmun-mohiyatidan yaqindan xabardor etish, O‘zbekistoning noyob tajribasi bilan yaqindan tanishtirish, demakki, Yangi O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi. Ayniqsa, chet ellik ishbilarmonlar, investorlar, ekspertlar, davlat va nodavlat sektor vakillari uchun mamlakatimizdagi o‘zgarishlarga oid zarur ma’lumotlarni olishlarida qimmatli manbaga aylanishi mumkin. Bu o‘z navbatida davlatlar o‘rtasida nafaqat iqtisodiy hamkorlik aloqalarini, balki «xalq diplomatiyasi»ni rivojlantirishga ham muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi degan umiddamiz.