G‘ildirak ichidagi olmaxon yoki nafsning cheksiz yo‘li

Birinchi voqea: Bir dona boshoqni topib olgan chumoli uni ming mashaqqat bilan uyiga sudrab borayotib, yo‘lda kalamushni uchratib qolibdi.

– Ha, och qoldingmi, menikiga bormaysanmi, bunaqa donlardan bir nechtasini berib yuborardim, - debdi u chumoliga.

– Menga shu bir boshoq don ham yetadi. Chunki men yashash uchun ovqatlanaman, senga o‘xshab qorin to‘ydirish uchun yashamayman, - deb javob beribdi chumoli.

Ikkinchi voqea: Otaqul Jumayev qishloqning old yigitlaridan edi. Nima bo‘ldi-yu, bir guruh qishloqdoshlarini olib Rossiyaga ishga ketdi. O‘sha yerda qurilish ishlarida odamlarni ishlatib, dallollik qilib anchagina sarmoya to‘pladi. Jamg‘argan pullari evaziga qishloqdan dang‘illama imorat qurdi, qo‘sha-qo‘sha mashina oldi.

Ammo bu ishlarning “misi” chiqdi. Uyiga qo‘shni qishloqlardan bir guruh yigitlar kelib, xorijda ishlagan pullarini talab qilishdi. Aniqlanishicha, Otaqul musofir yurtda yurtdoshlarining halol mehnat, ming mashaqqat bilan topayotgan pullariga ko‘z olaytirgan, ularni o‘z manfaaati yo‘lida ishlatib yuborgan ekan.

Janjal nima bilan tugaganligi noma’lum. Faqat endilikda Otaqul insult olganligi tufayli bir oyoq, bir qo‘li ishlamaydigan, zo‘rg‘a gapiradigan nogiron bo‘lib qolgan. Hashamatli darvozasi oldida ko‘chadan o‘tayotgan odamlarga qarab, o‘yga cho‘mib o‘tirganini ko‘p ko‘raman.

Uchinchi voqea: Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan bir ish ko‘rib chiqildi. Bu gal qora kursida o‘tirganlardan biri – uyushgan jinoiy guruh boshlig‘i, ichki ishlar xodimi, ya’ni profilaktika noziri edi. Ma’lum bo‘lishicha, profilaktika inspektori 2017 yilning avgust oyidan 2018 yilning iyun oyigacha jinoiy sheriklari bilan oldindan tuzilgan reja asosida birovning nomusiga tekkanlik aybini qo‘yish orqali fuqarolarga tahdid qilib, muntazam ravishda ta’magirlik bilan shug‘ullanib kelgan.

Sud hukmiga ko‘ra, sobiq ichki ishlar xodimi 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Chumoli va kalamush, Otaqul dallol hamda zinokor guruhning bir-biriga nima aloqasi bor ekan, dersiz.

Ha, barakalla, to‘g‘ri payqaganingizdek, yuqoridagi voqealarni bir-biriga “nafs” degan baloi azim bog‘lab turibdi. Hozir ayrim odamlar molparastlik, iste’molchilik kayfiyatining quli bo‘lib qolgan, “yaxshi yashash - to‘yib yeyish va po‘rim kiyinish, shohona uy, qo‘sha-qo‘sha mashinadan iborat” degan bema’ni va poyoni yo‘q g‘oyaga ko‘r-ko‘rona sig‘inmoqda.

Ana shu intilish esa ularning qalbida pul topish, topganda ham ko‘proq topish vasvasasini keltirib chiqaryapti. Aytaylik, oliygoh muallimi pul topish uchun badavlat oilalardan chiqqan talabalarni imtihonlarda “qiynamay”, pulini olish ilinjida bo‘ladi. Shifokor operatsiya stolida yotgan bemorni emas, u qancha pul berishini o‘ylaydi. Tug‘ruqxona hamshirasi quvonchdan esankirab qolgan otani shilish payida bo‘ladi. Maktab muallimi esa bolalarning ota-onalariga sinfga hali uni olamiz-hali buni olamiz, deb “chopar” jo‘natadi.

Pul topish uchun ba’zi birovlar hech narsadan tap tortmaydigan, halol va haromni ajratmaydigan, gunohlardan qo‘rqmaydigan bo‘lib boryapti. Pul topish dardi ularni kitob o‘qishdan, ma’rifatdan uzoqlashtirmoqda. Bundan tashqari, bunday iste’molchilik kayfiyatiga zo‘r berish orqali inson ongini har maqomga solish imkoni paydo bo‘ladi. Chunki johil, nodon, qoloq va omi odamlarni aldash ham, boshqarish ham oson kechadi.

Shu o‘rinda sirk maydonida g‘ildirak ichida chopayotgan olmaxon beixtiyor xayolga keladi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, olmaxon manziliga yetish maqsadida tinimsiz chopaveradi, ammo g‘ildirakning oxirgi chegarasi bo‘lmagani sababli olmaxon aslo maqsadiga yetolmaydi. Chunki g‘ildirak yana aylanib uning oyoqlari tagidan o‘taveradi. Yuqoridagi kishilarning fikri-zikri ham hozirda ana shu g‘ildirak ichida chopayotgan olmaxon kabi “yaxshi yashash”, buning uchun ko‘proq pul topish, pul topish uchun esa ma’naviy dunyoni boy berish kabi behuda poygada g‘olib chiqish bo‘lib qolgan.

Darvozasi yonida odamlar oqimini kuzatib o‘tirgan Otaqulni, bir dona boshoqni sudrab ketayotgan chumolini ko‘rsam yoki nafs girdobiga tushib qolgan odamlar haqidagi gaplarni eshitsam xayolimga negadir g‘ildirak ichidagi olmaxon kelaveradi, kelaveradi...

Yormamat Rustamov.