Google kompaniyasi tashkil topganiga 25 yil to‘ldi: megamashhur brend haqida ko‘pchilik bilmagan faktlar
Internetdan faol foydalanuvchilarning Googledan izlab ko‘rmagan ma’lumoti kam bo‘lsa kerak. Misol uchun, biz bir necha daqiqa oldin Googledan uning tug‘ilgan kuni qachon ekanligini so‘rab oldik.
1998 yilning 7 sentyabrida Sergey Brin va Larri Peyj rasman Google Inc.ni AQShda ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida ma’lumotlar bor. Google.com domeni esa 1997 yil 15 sentyabrda ro‘yxatga olingan. Google o‘zining tug‘ilgan kunini 27 sentyabrda nishonlaydi. Nega aynan bu sana ekani aniq emas. Ehtimol, bu Google javob bera olmaydigan kamsonli savollardan biridir.
Bugun dunyodagi eng mashhur kompaniya haqida bir nechta ko‘pchilik bilmaydigan faktlarga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Ekogugl
Google xodimlari kelajak gadjetlaridan foydalanadigan ilg‘or va muvaffaqiyatli dasturchilardir. Bu kelajakni qisman ularning o‘zlari ham yaratadilar. Shu bilan birga Gugl xodimlari va menejerlari tabiatga g‘amxo‘rlik qilishni va ekologik toza usullardan foydalanishni unutmaydilar. Misol uchun Gugl ofisining atrofidagi o‘tlar o‘roq kesuvchi uskunalar o‘rniga echkilar tomonidan "qirqib, tekislanadi".
Begona o‘tlarni yeyish uchun 200 ga yaqin echki kompaniya ofisi hovlisida bemalol aylanib yurib, muntazam ravishda maydonni tartibga soladi. Kompaniya xodimlariga begona o‘tlarga qarshi kurashishning bunday ijodiy usuli juda yoqadi, negaki o‘to‘rgich mashina tovushlari ularni ishdan chalg‘itmaydi. Shuningdek, kompaniya hududida xodimlarning dam olishi uchun ekologik zonalar va qulupnayli mini-bog‘larni topish mumkin.
Kompaniya hududida eko-avtomobillar uchun “yoqilg‘i quyish shoxobchasi” mavjud bo‘lib, u yerda xodimlar o‘z avtomobillarini quvvatlantirishi mumkin. Ofislar oldida Google velosipedlari ham bor, ular ko‘pincha o‘g‘irlanadi va boshqa saytlar orqali sotiladi.
Google itlarniki
Googleda mushuklardan ko‘ra itlarni ko‘proq sevishadi. Hatto korporativ nizomda “Google - bu itlar kompaniyasi” deb aytilgan. Hududda itlar bilan kirish mumkin bo‘lgan afsonaviy Yoskas kafesi mavjud. Bu nom kompaniya asoschilaridan birining vafot etgan Yoskas ismli iti xotirasiga atab qo‘yilgan. Umuman olganda, Googleda ishga itlar bilan kelish mumkin!
G‘amxo‘r Gugl
Gugl o‘z xodimlariga g‘amxo‘rlik qiladi, ularning ishlashi va dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratadi. U yerda hazillar va g‘alati an’analar ham mavjud. Misol uchun, yangi xodim ish boshlaganining birinchi juma kunida ofisda propellerli shapka kiyib yurishi kerak. E’tiborlisi, bu yerda xodimlarning maxsus kiyimda ishga kelish tartibi yo‘q. Yanayam qizig‘i, xodimlarning kayfiyatini ko‘tarish bilan shug‘ullanuvchi ishchi shtati ham bor.
Agar Google xodimi vafot etsa, uning yaqin qarindoshlari 10 yil davomida har oy marhum ish haqining 50 foizini oladi. Google o‘zining vafot etgan xodimlarining farzandlariga 19 yoshga to‘lgunga qadar hay oy 1000 dollardan to‘laydi.
Oddiygina Google
2018 yilda kompaniyaning 20 yilligi sharafiga o‘z faoliyatini oddiy garajda boshlagan asoschilar Larri Peyj va Sergey Brin mashhur “Syuzen garaji” bo‘ylab virtual sayohatni taqdim etdi. Ushbu birinchi Google ofisi o‘z uyining garajini aspirant do‘stlari Sergey va Larriga ijaraga bergan Syuzen Voychitski sharafiga nomlangan. Aytgancha, Syuzan endi YouTube rahbari.
Marhamatli Google
“Shafqatsiz bo‘lmang” («Don’t be evil») bu ibora 2000 yildan 2017 yilgacha Google’ning shiori edi. 2017 yilda qayta qurish tufayli kompaniyaning rasmiy shiori “To‘g‘ri yo‘l tuting” («Do the right thing»)ga aylandi. Bugungi kunda jamoadagi tinchlik va osoyishtalik Google xodimlari uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoldi. Biz hali ko‘p yillar davomida Google orqali o‘z savollarimizga beminnatgina javob topsak kerak.
Okey, Google, tug‘ilgan kuning muborak!
B.Muhammadiyeva tayyorladi.