G‘oyalari bilan voqealarni oldindan bashorat qilgan yozuvchilar
Yozuvchilarning g‘oyalari juda ko‘p, lekin o‘z davrida ular o‘zlarining jo‘shqin tasavvurlarini faqatgina qog‘ozga tushirishdan boshqa iloji yo‘q edi. Biroq, 50, 100 yoki undan ko‘proq yil o‘tgach, zamonaviy dunyoda ularning g‘oyalari haqiqatga aylanib ketdi. Biz faqat taxmin qilishimiz mumkin: bu bashoratli kitoblarmi yoki ayyor ixlosmandlar ularda yozilgan ixtirolarni mohirlik bilan o‘ziniki qilib ko‘rsatyaptimi?
Ushbu maqolada kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan yozuvchilar qilgan bashoratlar haqida so‘z yuritiladi.
Jyul Vern
“Mashina odamni yutib yubormaguncha, odamlar mashinalar ixtiro qilishda davom etadi”.
Yozuvchining ko‘plab asarlarida tasvirlagan g‘oyalar soniga qarab zamonaviy kishi uning vaqt mashinasi bo‘lgan maxfiy xonasi yoki (ehtimol) miyasiga dohiyona ixtirolar generatori o‘rnatilgan bo‘lgan, deb o‘ylashi aniq. Bo‘lmasa uning romanlari, qissalari va hikoyalaridagi samolyotlar, akvalanglar, videotelefonlar, shuningdek, kosmik parvozlar va elektr dvigateli kabi narsalar bo‘lishini yana qanday tushuntirish mumkin? Yozuvchi bularning barchasi hali mavjud bo‘lmagan XIX asrning oxirida yashagan.
O‘qish uchun tavsiya etiladigan asarlar: “Yer markaziga sayohat», «Yerdan Oygacha», «Sirli orol», «Dengiz ostidagi 20 000 lyo chuqurlikda».
Gerbert Uells
“Ko‘pincha tajribadan ustun turadigan ajoyib, g‘ayrioddiy g‘oyalar ahamiyatsiz, ammo aniq mulohazalarga qaraganda odamlar ustidan kamroq kuchga ega”.
Mana, kimning g‘oyalari o‘z davridan ancha oldinda bo‘lgan! Daho o‘zining adabiy ishlarida televideniye, eskalatorlar, genetik tajribalar, uchar transport vositalari, lazer qurollari, atom parchalanishi va hatto atom bombasini batafsil tasvirlab bergan. Shuningdek, Uells telefonlar kelajakda internet va kompyuter funksiyalarini birlashtiruvchi birinchi raqamli vositaga aylanishini bashorat qilgan. Tabiiyki, Uells ular haqida bilmasdi, chunki u o‘z asarlarini XX asrning boshlarida yozgan.
O‘qish uchun tavsiya etiladigan asarlar: «Dunyoning ozod etilishi», «Uxlagan uyg‘onganda», «Vaqt mashinasi», «Ko‘rinmas odam», «Olamlar urushi», «Doktor Moro oroli».
Artur Klark
“Planshetning qisqa muddatli xotira qurilmasini yoqib, u ekranning keyingi sahifasidagi tasvirga to‘xtaldi, sarlavhalarni tez-tez o‘tkazib yuborib, o‘zini qiziqtirgan maqolalarni belgilab chiqdi”
Aslida planshet timsoli hurmatli va dono Stiv Jobsdan ancha oldin, Artur Klark tomonidan 1968 yilda nashr etilgan “2001 yil: Kosmik Odisseya” asarida batafsil tasvirlangan. Shuningdek, Klark, onlayn o‘yinlardagi umumiy asovlikni oldindan bashorat qilgan, garchi uning davrida virtuallik tushunchasi umuman yo‘q edi. Lekin bu muallifni o‘z kitoblarida bugungi kunda biz internet deb ataydigan narsani tavsiflashiga to‘sqinlik qilmadi. Klark radar va ob’yektlar joylashuvini kuzata olish g‘oyasini birinchi marta 1945 yilda ilgari surgan.
O‘qish uchuntavsiya etiladigan asarlar:«2001 yil: Kosmik Odisseya”, «Shahar va yulduzlar», «Rama bilan uchrashuv».
Rey Bredberi
“Biz yerliklar buyuklik va go‘zallikni yo‘q qilish in’omiga egamiz. Agar biz Misrdagi Karnak ibodatxonasi xarobalari orasida kolbasa do‘konini ochmagan bo‘lsak, bunga faqatgina joyning odamlardan uzoqda bo‘lgani va u yerda savdoni rivojlantira olmasligimiz sabab bo‘ladi».
Yaqinda (2012 yil) dunyomizni tark etgan Rey Bredberi ham juda ko‘p narsalarni bashorat qilgan. Masalan, 1950 yilda yozuvchi o‘zining “Mayin yomg‘ir” hikoyasida “aqlli uy” tushunchasini batafsil ta’riflab bergan. Zamonaviy ijtimoiy tarmoqlarning prototipi esa yozuvchi tomonidan 1953 yilda tavsiflangan - uning tasavvurlarida odamlar maxsus televizor yordamida masofadan turib bir-birlari bilan muloqot qilgan.
Rey Bredberi kitoblarini qo‘lga olgan kishi uning naushniklar, bankomatlar, tekis ekranli televizorlar, virtual reallik xonalari, pleyerlar va hatto sun’iy intellektga ega avtomobillarni o‘ylab topganining guvohi bo‘ladi.
O‘qish uchun tavsiya etiladigan asarlar: “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja”, “Momaqaymoq sharobi”, “Mars solnomalari”.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.
(Davomi bor)