G‘oyib bo‘lgan qizlar

1904 yilda rus-yapon urushi paytida Poltavaning ovloq qishloqlaridan birida aqlbovar qilmas sirli voqealar ro‘y bera boshladi. Erta bahor chog‘ida sohibjamol yosh qiz Mariya Burova kutilmaganda g‘oyib bo‘ldi.

U qishloqdan bir soatgina chiqqan edi, izsiz yo‘qoldi. Ota-onasi sarosimada tevarak-atrofni qidirib chiqishdi, qarindosh-urug‘lar, tanish-bilishlardan surishtirishdi. Qiz yerda ham, osmonda ham yo‘q edi. Ertasi kuni ham Mashadan darak bo‘lmadi, butun qishloq qidiruvga oyoqqa turdi. Butun o‘rmonni titkilab chiqishdi, yo‘q, muz bilan qoplangan daryo qirg‘oqlarini ko‘zdan kechirishdi. Baxtsiz qiz muzga toyib, suvga yiqilib tushgan bo‘lsa, oqim uni oqizib ketgan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylashgandi-da.  Xullas, bechora qizni hech kim boshqa qaytib ko‘rmadi.

Pasxa bayrami yaqinlashayotgan edi, xuddi Mashani g‘oyib bo‘lishiga o‘xshash bir g‘alati hodisa odamlarni dahshatga soldi. Yana bir go‘zal qiz g‘oyib bo‘ldi. Qidirishmagan joyi qolmadi, o‘sha kuni qishloq yonidan o‘tgan lo‘lilar tobori o‘g‘irlab ketishdimikan, deb ham o‘ylashdi. Shahar ma’muriyatiga murojaat qilishdi. Mahalliy izquvarni yuborishdi. U ikki-uch kun yo‘llar, so‘qmoqlarni, butazorlarni sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Biroq biror belgi topolmay, yana shaharga qaytib ketdi.

Voqea shu bilan tugamadi. Yozda yana ikki qiz yo‘qoldi. Ularni qidiruv ham natijasiz tugadi. Yo‘qolgan qizlardan birining onasi qishloqdan sal narida yashovchi Natalya degan folbinga murojaat qildi. Folbin kartalarini ochib, ancha miq etmay sukut saqladi. So‘ngra boshini sarak-sarak qilib, bechora g‘amga botgan onaga qayg‘uli boqib, dedi: “Qidirmang! Sening qizing bu yorug‘ olamda endi yo‘q!”.

Sirli g‘oyib bo‘lishlar esa davom etardi. 1905 yilda Rojdestvo bayramidan ko‘p o‘tmay bir obro‘li kishining qizi izsiz yo‘qoldi. Qishloqda vahimali mish-mishlar tarqaldi, qizlar hovlidan nari chiqishga qo‘rqib qolishdi. Kimlardir bu qora kuchlar - arvohlarning, kimlardir bu qaroqchilarning ishi, deb dahshatga tushardi. Qishloq ahli shahar ma’muriyatidan bu sirli hodisaga uzil-kesil chek qo‘yishni talab qildi. Tez orada rayonga yosh pristav Nikolay Solovo boshchiligida bir necha nufuzli politsiyachilar yetib kelishdi.

 Hodisalar Solovoni qiziqtirib qo‘ygandi. Biror so‘qmoqni nazardan qoldirmay, barchasini ko‘zdan kechirib chiqdi. Qishloqqa olib boradigan toptalgan bir so‘qmoq uning diqqatini tortdi. “Bu so‘qmoqda hech kim yurmaydi, - dedi oqsoqol tushuntirib, - faqat ahmoq xotinlar yashirincha folbin ayolnikiga borib turishadi”.

Izquvarlar yashirincha durbin orqali folbinni kuzatdilar va hech qanday shubhali narsani ilg‘ashmadi. O‘rta yoshlardagi chiroyli juvon o‘zining xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanardi: tovuqlariga don berar, mollariga qarar, sigir sog‘ar, hovli-joyini supurib-sidirardi.

Politsiyachilar Nanatalka ba’zan shaharga tushib, bozor-o‘char qilib kelishini aniqlashdi va u uyida bo‘lmagan paytda, xonasini tintuv qilib chiqishdi. Biroq avvaliga shubhali narsaga duch kelishmadi. Kutilmaganda Solovoni ko‘zi og‘zi shox-shabba bilan yopilgan yerto‘laga tushdi. Chiroq yoqib, yerto‘laga tushgan politsiyachi sandiqqa duch keldi. U bo‘m-bo‘sh edi. Hayron bo‘lib sal nari surgandi dahshatli manzaradan qotib qoldi. O‘rada qiz bolaning nozik qo‘lchasi tuproqqa belanib yotardi. Folbin o‘sha kuniyoq qamoqqa olindi.

Avvaliga Poltavada, keyin Kiyevda, so‘ngra Buyuk Britaniyada yetakchi ruhshunoslar maslahatga yig‘ilishdi. Ular qonxo‘r ayolni har tomonlama tekshirib ko‘rishib, jismonan va ruhan sog‘lom deb topishdi.

Hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan qizlarni o‘g‘irlab, o‘ldirib, qonini so‘rgan yalmog‘izni sud baribir aybdor, deb topdi va oliy jazoga hukm qildi.

T.Shomurodov tayyorladi.