Go‘zallik, avto va boshqa salonlar yetimlar haqqini ushlab qolayapti...mi?
Xarid chekini olishni unutmang, nomli aksiya boshlangandan beri shu holatga e’tibor bera boshladim. Ayniqsa, soliq tushumini har bir viloyatning o‘zida qolishi ijtimoiy himoyaga ko‘proq e’tiborga sabab bo‘lishini bilgach, bu voqea yanada e’tiborimni tortdi. Misol uchun shu yil aynan shu yangilik tufayli viloyatda o‘nga yaqin oilalar patronat sifatida ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni qaramog‘iga olgani, ular har oy moddiy qo‘llab quvvatlanishi haqida eshitdim. Gap shundaki, patronat oilalar haqida huquqiy asos yurtimizda 15 yildan beri mavjud. Ammo moliyaviy holat uni amalga oshirishga imkon bermagan. Endilikda soliq tushumlarini har bir viloyatning o‘zida qoldirilayotgani patronat tizimi ishga tushganiga imkon yaratdi. Qolaversa, chin yetimlar uchun belgilangan qator imtiyozlarning hammasi qog‘ozda emas, amalda ish boshlashi uchun ham soliqlarning o‘z vaqtida to‘lanishi va davlatdan yashirilmasligi muhim ahamiyatga ega. Buni har birimiz to‘g‘ri tushunishimiz hamda ongli idrok etishimiz lozim. Hozirda viloyatda 50 nafarga yaqin chin yetimlar uy-joyga muhtojligi haqidagi faktning o‘ziyoq soliq to‘lovlarining vaqtida amalga oshishi lozimligini ko‘rsatib turibdi.
Shu nuqtai nazardan xarid chekini talab qilish bizning ijtimoiy jihatdan faolligimizni ko‘rsatadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, savob ishning eng yuqori ko‘rinishi bu. To‘g‘ri, savdo shoxobchalarida xarid chekini talab qilishga normal holat deb qaraymiz. Ammo xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, xususan, go‘zallik, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish, kelinlar salonlarida chek talab qilsangiz, sizga koinotdan tushdingizmi, degan ma’noda qarashadi. Bugun go‘zallik salonlaridagi bir qancha xizmat turlarining narxi ko‘pchilikni shoshirib qo‘yishi tabiiy. Ayniqsa, markazlarda har bir ayol eng kamida 50 ming so‘mni salonga to‘lab chiqishlarini har birimiz bilamiz. Ammo chek haqida biror fikr bo‘lmagan. Avtomobillarni tuzatish ustaxonasida ham shu holat.
Yuqoridagi misollardan so‘ng ushbu salonlar kam ta’minlangan aholining rizqiga sheriklik qilayotganday tuyuldi. Sizchi, siz nima deysiz?
Gulruh Mo‘minova.