Gulistonda 28 oila ajrimdan saqlab qolindi, 50 nafar ayol ishli bo‘ldi
Narpay tumani “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi bundan bir yil avval juda ko‘rimsiz, ta’mirtalab ahvolda edi. Keyingi paytlarda hududda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari doirasida bino zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
- Bu yerda faoliyat boshlaganimda ishlash uchun yetarlicha sharoit yo‘q edi, - deydi mahalla xotin-qizlar faoli Lola Qurbonova. – Mehmon kelsa xijolat bo‘lardik. Bugungi kunda xodimlar uchun barcha qulayliklar bor. Shuningdek, binoda ikkita sex tashkil etildi va 50 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
- Biz uchun 3 oylik bepul o‘quv-kurslari tashkil qilindi, - deydi sex ishchisi Dilafro‘z Hasanova. – Bu yerda tikuvchilik sirlarini o‘rganib, sertifikatga ega bo‘ldim. Endilikda oyiga 2 million so‘m atrofida daromad topyapman.
- Imtiyozli kredit va subsidiya asosida 42 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari va pishiriq pechlari berildi, - deydi L.Qurbonova. - Natijada, ular o‘zini o‘zi band qilib, ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad keltiryapti.
Lola Qurbonova mahalla faoli vazifasida ish boshlaguniga qadar, maktabda psixolog bo‘lib ishlagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayollar bilan tezda til topishdi. Natijada o‘tgan bir yil davomida 28 ta oilaviy ajrimning oldi olindi.
- Mahallamizda o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida turmushi buzilgan 32 oila mavjudligi aniqlandi, - deydi u. - Ba’zi oilalar ishtirokida bevosita psixologik treninglar tashkil qildim. Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash Kengashi ko‘magi bilan 28 oilani yarashtirishga muvaffaq bo‘ldim. Qolgan 4 oilani esa ajrashganiga 18-20 yil bo‘lganligi, er va xotinlar boshqa turmush qurib, farzandli bo‘lganligi uchun yarashtirishning imkoni bo‘lmadi. Maktab psixologi vazifasida ishlaganligim ushbu muammolarga yechim topishda qo‘l kelyapti.
Shuningdek, mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, hududda oilalar farovonligi, qishloqlar obodligi yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Endilikda Guliston nomiga munosib mahallaga aylantirilyapti.
E’zoza MEYLIYeVA,
Jasurbek ShUKUROV,
Baxtiyor MUSTANOV.