Gvineya-Bisau prezidenti Zelenskiyga Putin muzokaralarga tayyorligini bildirdi. Zelenskiy-chi?
Gvineya-Bisau prezidenti Umaru Shisoku Embalo Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan muzokaraga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Embalo Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma brifingda aytdi.
“Kecha men Rossiyada edim, prezident Putin bilan uchrashdim, u mendan sizga xabar berishimni, siz bilan gaplashishimni so‘radi. U menga Zelenskiy bilan muzokaralarga tayyor ekanligini aytdi”, — dedi Gvineya-Bisau rahbari.
Putinning taklifiga izoh berar ekan, Zelenskiy Rossiya allaqachon Ukrainaga hujumlarda Eronning 400 ta uchuvchisiz qurilmasidan foydalanganini eslatdi. “Mana qanaqa muloqot haqida gapirdi janob Prezident. Mana sizga so‘zlar o‘rniga 400 ta raketa. Umuman olganda, biz tinchlik tarafdamiz, mana sizga dialog", deya qo‘shimcha qildi u.
Muzokaralarni davom ettirishdan oldin Zelenskiy Rossiyaga Ukraina infratuzilmasini o‘qqa tutishni, Qora dengizdagi Ukraina portlarini to‘sib qo‘yishni va yadroviy qurol bilan tahdid qilishni to‘xtatishni talab qildi.
"Rossiya tomoni signallariga kelsak, janob Prezident Rossiya ko‘priklar tuzatmoqchiligini aytdi. Men esa ayrim davlatlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi uchun infratuzilmani portlatmaslik zarurligini aytdim. Shunda ehtimol, kelajakda biror narsa haqida gaplashishimiz mumkin bo‘ladi. Yana bir masala - kim bilan gaplashish kerak? Rossiya bergan ikkinchi savol, munosabatlarni blokdan chiqarish zarurligi... Keling, blokni ochishni Qora dengizdan boshlaylik. Uchinchidan, hamma yadroviy tahdiddan qo‘rqmoqda, bu barcha ritorika Rossiya Federatsiyasidan kelmoqda", degan Zelenskiy.
Zelenskiy Putinning tashabbusi mahalliy rus auditoriyasi va Rossiya Federatsiyasi bilan aloqalarini uzmagan mamlakatlar auditoriyasiga qaratilgan "rejalashtirilgan ritorika" ekanligini aytdi:
"Prinsipial ravishda qandaydir muloqot haqida gapirish uchun bir mamlakat ikkinchisini, uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va chegaralarini hurmat qilishi kerak. Hozircha bular hech qaysisi yo‘q".
Rossiya va Ukraina tinchlik muzokaralarini Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay boshlagan edi. Muzokaralar Turkiyada olib borilgan, biroq aprel oyida muzokaralar muzlatildi.
Shundan so‘ng Ukraina rasmiylari Rossiya bilan muzokaralarni davom ettirishdan bosh tortib, faqat g‘alaba mamlakatni bir necha yil ichida yangi bosqindan himoya qila olishini aytdi.
Sentyabr oyi oxiri - oktyabr oyi boshida Rossiya Ukrainaning janubi va sharqidagi bosib olingan hududlarni anneksiya qildi. Shundan so‘ng Vladimir Zelenskiy Rossiya Federatsiyasi bilan muloqotga tayyorligini, lekin buni boshqa prezident bilan amalga oshirishini aytdi. Bir necha kundan keyin u “Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borish mumkin emasligi” haqidagi farmonni imzoladi.