Hafta davomida qanday ob-havo saqlanib turadi?

Avgust oyining oxirgi kunlari O‘zbekistonning aksariyat viloyatlarida quruq va xuddi yoz oylaridek issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

Faqat Toshkent viloyatida, shuningdek, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida momaqaldiroq bilan biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, bunday holat janubi-g‘arbiy Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi bilan bog‘liq. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati ushbu kunlarda kechalari 15-20 daraja iliqni, kunduz kunlari 30-35 daraja issiqni tashkil etadi.

Sentyabr oyining birinchi besh kunligida Mustaqillik bayramini nishonlash kunlarida O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan yana issiq va quruq havo kirib kelishi boshlanadi.

Respublikaning barcha hududida kuchsiz, ba’zi joylarda biroz shamollar bilan asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat yana ko‘tarila boshlaydi va haftaning oxiriga kelib, kunduz kunlari termometr ustuni 36-39 daraja issiqqacha ko‘tariladi.