Hamid Samatov jasorati unutilmaydi
Kattaqo‘rg‘on shahrida Ikkinchi jahon urushi yillarida 13 nafar bolani bag‘riga olgan kattaqo‘rg‘onlik Hamid Samatovning jasoratini aks ettiruvchi monumentga tamal toshi qo‘yildi.
Tadbirda ishtirok etgan shahar hokimi Gavhar Alimova, Hamid Samatovning yaqin qarindoshi Ibrohim Samatov, nuroniylar va jamoatchilik vakillari shahardagi Amir Temur shoh ko‘chasi atrofida qurilishi rejalashtirilgan mazkur monument o‘zbek xalqining, qolaversa kattaqo‘rg‘onliklarning insonparvarlik, bag‘rikenglik, bolajonlik fazilatlari timsoli bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.
- Hamid aka va u kishining turmush o‘rtog‘i Sanobar ayaning turli millatning qarovsiz va yetim qolgan bolalarini farzandlikka olishi, ularni hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari yo‘lida qilgan fidoyiliklari yuksak jasorat namunasidir, - deydi G.Alimova. - H.Samatov bilan ko‘rishgan otaxonlarning aytishicha, Hamid bobo o‘sha davrda xonadonidagi eng qiyin, ocharchilik, oziq-ovqat qolmagan vaqtlarda 13 bolakayni asrab qolish uchun bor imkoniyatlarini ishga solgan. Bolalardan ikki nafari ochlikdan o‘lishi mumkin bo‘lib qolganida Hamid Samatov shineli hamda etigini bozorga olib chiqib, ularni to‘rt xalta kepakka almashtirib keladi. Shu orqali oiladagi bolalarning hayotini saqlab qoladi. Biz bunday insonlarning jasoratini ulug‘lashimiz kerak.
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.