Hamkorlik istiqboli muhokama etildi
Viloyat hokimi T.Jo‘rayev mehmonlarni Samarqandga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tashrifda erishilgan kelishuvlar asosida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha tomonlar ko‘plab istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini tayyorlash va jo‘natish markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Delegatsiya rahbari – Rossiya davlat dumasi deputati A.Juravlev hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Millatlararo munosabatlar kengashining migratsiya masalalari va chet el fuqarolarini ijtimoiy-madaniy moslashtirish komissiyasi raisi A.Paskachev O‘zbekistondan borayotgan mehnat migrantlarini Rossiya qonunchiligi bilan tanishtirish, ularni tibbiy-ijtimoiy muhofaza qilish, munosib mehnat va turmush sharoiti yaratish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Rossiyalik mehmonlar Samarqand shahridagi mehnat migrantlarini tayyorlash va jo‘natish markazi hamda Janubiy Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya a’zolari Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara majmuasi va boshqa diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qildi.
B.MUSTANOV.