"Hammom o‘rnida - sovuq pavilon, qor o‘rniga - pinoplast": "Qushdek yengil bo‘ling yoxud taqdir hazili" filmi haqida qiziqarli faktlar

Qariyb yarim asr davomida Yangi yil kechasi namoyish etiladigan va yuzlab odamlar yuragidan o‘rin olgan "Qushdek yengil bo‘ling yoxud taqdir hazili" filmi hozir ham o‘z qadrini yo‘qotmagan va hali-hanuz Yangi yil zavqiga to‘ldirib, tomoshabinlarni chorlashda davom etmoqda.

Iqtidorli rejissyor Eldar Ryazanov va Emil Braginskiyning ssenariysi bo‘lgan film aslida hayotdan olingan. Xuddi filmdagidek sodir bo‘lgan voqeani eshitgan ikki rejissyor dastlab uni spektaklda sahnalashtiradi. Spektakl muvaffaqiyat qozongach, Ryazanov uni ekranlarga chiqarish harakatiga kirishadi.

Filmni suratga olish jarayonida juda ko‘p mashhur aktyorlar sinab ko‘rilgan. Masalan, rus tili o‘qituvchisi - Nadya rolini o‘ynagan polshalik aktrissa Barbara Brilska o‘rniga Lyudmila Gurchenko yoki "Ishdagi ishq" filmidagi Alisa Freyndlix va yana o‘nlab taniqli aktrisalar ijro etishi mumkin edi. Biroq Ryazanovni bu qiyofa va xarakterlar qoniqtirmadi. Nima qilishini bilmay, boshi qotganda, polshalik "Sevgi anatomiyasi" melodramasida bosh rolni ijro etgan Barbara Brilska esiga tushadi.

Komediyada bosh rol ijro etgan Andrey Myagkov ham tasodifan, ammo mashaqqatli izlanishlardan keyin paydo bo‘lgan. Uning ham o‘rniga juda ko‘p mashhur aktyorlar - Andrey Mironov, Pyotr Velyaminov singari aktyorlar taklif qilingan. Unchalik tanilmagan, komediyaga mos kelmaydigan Myagkovni rejissyor dastlab umuman nazariga ilmaydi. Ammo birinchi sinovdanoq u izlagan qahramonini topganini tushunadi.

Qiziqarli faktlar:

* Samolyotda mast Lukashin boshini qo‘ygan asabiy yo‘lovchi Rejissyor Ryazanovning o‘zi edi.

* Jenya va uning do‘stlari go‘yoki "yog‘day" erib o‘tirgan hammom aslida "Mosfilm"dagi sovuq pavilon bo‘lgan. Sovuqdan aktyorlar "qittak-qittak" otishgan va "hammom" sahnasida haqiqatan "mast"roq bo‘lishgan. Buni sezgan Ryazanov ishni to‘xtatmoqchi bo‘ladi, ammo o‘rtoqlar qanchalik haqiqiy o‘ynayotganini ko‘rib suratga olishni davom ettiradi.

* Filmda jozibali qo‘shiqlarni Nadyaning o‘rniga Alla Pugachyova ijro etgan. 

* Filmda rejissyor prinsiplariga hiyonat qilmagan holda impravizatsiyaga yo‘l beradi. Shunday qilib Ippalit rolini o‘ynagan Yuriy Yakovlev vannada sovuq suvda cho‘milayotib, kutilmaganda iliq suv kelib qolganda "issiq suv keldi" iborasini ssenariydan og‘ishib aytadi.

* Film suratga olinayotgan 1975 yilda qor kam yoqqan edi. Ayniqsa, Leningradda qor umuman bo‘lmagan. Dekoratorlar rosa "terlashi"ga to‘g‘ri keladi. Tomoshabin ekranda qor ko‘rishi uchun maydalangan qog‘oz, penoplast ishga tushadi, bino tomlarida esa paxta to‘shaladi. Odamlar esa hayron, nega aptekalarda paxta kamyob bo‘lib qoldi deb.

Shunday qilib "yuqori"dagilarning "o‘tkir" tanqidlaridan o‘tgan film yarim yil o‘tib, 1976 yil 1 yanvarda teleekranlarga chiqdi. Film tugashidan atigi bir necha daqiqa o‘tar-o‘tmas Ryazanovga telegramma, qo‘ng‘iroqlar kela boshladi.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.