Hamon 100 so‘mlik qaytim yo‘q
Bu haqida ko‘p bora yozilib, aytilsa ham, afsuski, holat haligacha davom etmoqda.
Avtobusda yo‘lkira 1400 so‘m, 2 ming so‘m to‘lasak, doim 500 so‘m qaytim berishadi (ba’zida shuni ham olib qolishga urinishadi). Agar yo‘lovchi 100 so‘m so‘rasa, haydovchi bilan konduktordan naqd boshi baloga qoladi. Bu muammo doimo tanqid qilinadi. Lekin natija yo‘q. 100 so‘m mayli. Ikki kishi 3 ming so‘m bersa, ikki yuz so‘m ham qaytarishmaydi. Mayda pul yo‘q deb qo‘yishadi. Tanga pullar muomalaga chiqarildi. Lekin nega shunda ham qaytim yo‘q?
Kunda avtobusdan foydalanaman. Demak, kunda 200 so‘mdan qaytim olmasam, bir oyda 6 ming so‘m bo‘lar ekan. Ota-onamga ham berilmaydigan qaytimni qo‘shsak, bir oiladan bir oyda 18 ming so‘m. Atigi 100 so‘m pul deb gohida e’tiborsizlik qilayotganimiz qaytim to‘planib, bir oyda shuncha bo‘lar ekan. Avtobusdan biz kabi nechta oila, nechta yo‘lovchi foydalanadi? Buyog‘ini hisoblab ko‘ravering.
Gohida shunday vaziyatlar bo‘ladiki, Samarqand shahriga mehmon bo‘lib kelganlar, yo‘l haqini bilmaydi.
Yaqinda avtobusda kelayotganimda yonimda nuroniy kishi bor edi. Konduktor avtobus salonida yo‘lkira tera boshladi. Otaxon yo‘lkirani so‘radi, eshitmaslikka oldi. Borayotgan manzilini so‘radi. "Hali 4-5 bekat bor", dedim. Otaxon 2 ming so‘m uzatdi, konduktor qaytim qaytarmay ketdi. Atrofdagilardan narxni so‘rab bilgachgina otaxon konduktorga yuzlanib, "Bolam, qaytim bermaysanmi?" dedi. U esa e’tiborsiz holda «Mayda yo‘q», deb qo‘ydi. Aytmoqchimanki, ba’zida nafaqat 100, balki 500 so‘m qaytim ham qolib ketmoqda.
Savol tug‘iladi, qachongacha qaytimni so‘rab olamiz?
Avtobuslarga odatiy holatga aylangan yana bir muammo haydovchilarning kimo‘zarga haydashidir. Ko‘pincha ularga tanbeh beradigan bo‘lsak, "plan"ni ro‘kach qilishadi. Xo‘sh, nega buning uchun yo‘lovchilar hayoti xavf ostiga qo‘yilishi, yo‘l harakati qoidalari buzilishi kerak?
Tegishli tashkilotlar bu muammolarga murojaatni tezroq yopishni emas, o‘rganib, hal qilishni o‘ylab yondoshsalar maqsadga muvofiq bo‘larmidi...
Munisa Shamsiyeva.