“Handalak”ning taqdiri nima bo‘ldi?

Keyingi paytlarda teatr, kinoteatr va konsert zallariga odamlar kirmay qo‘ydi. Ular san’atkorlarning chiqishlarini hatto televideniye orqali tomosha qilishdan ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda kuzatishni afzal ko‘ryapti. Bir paytlar ko‘pchilikni o‘ziga rom etgan, masalan, “Handalak” hajviy ko‘rsatuvidagi qatra xandalar o‘rnini ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil bo‘lar-bo‘lmas “vayn”lar egallayapti. Buning qanday ijobiy va salbiy jihatlari bor?

Taniqli so‘z ustasi, iste’dodli san’atkor Ortiq Sultonov bilan suhbatimizda shu va boshqa savollarga javob olishga harakat qildik.

 - Yaxshi bilamiz, asli urgutliksiz. Uzoq vaqt poytaxtda ijod qildingiz va bugun yana Samarqanddasiz. Bunga nima sabab bo‘ldi?

- Bir paytlar har qaysi ijodkor Toshkentga intilardi. U yerda televideniye orqali chiqish qilish imkoniyati bo‘lardi. Men ham do‘stim Zokir Ochildiyev bilan birga jamoa tuzib, tanilish istagida poytaxtga yo‘l olganmiz. Harakatlarimiz besamar ketmadi. “Handalak” nomi bilan turkum hajviy ko‘rsatuvlarimiz orqali muxlislar ko‘nglidan joy olish baxtiga muyaassar bo‘ldik. Bugungi kunda esa tanilish, mashhur bo‘lish uchun Toshkentga borish shart emas. Uyda o‘tirib ham internet - ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar qilib, bu istakni amalga oshirsa bo‘lyapti. Samarqandga qaytishimning asosiy sabablaridan biri bu yerdagi ijodiy muhitni rivojlantirishga hissa qo‘shish, yosh iste’dodli ijodkorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdir.

- Samarqanddagi bugungi ijodiy muhit haqida nimalar deya olasiz?

- To‘g‘risini aytish kerak, bu yerdagi ijodiy muhit juda og‘ir. Samarqand shahri madaniyat bo‘limida bir muddat rahbar bo‘lib ishladim. 60 kishilik jamoada bor-yo‘g‘i 4-5 nafar xodim oliy ma’lumotli. Bundan tashqari san’atkorlarning aksariyati fonogrammadan foydalanadi, ustiga-ustak birovlarning qo‘shiqlarini aytib yuradi. Bir davrada taniqli san’atkorning chiqishiga guvoh bo‘ldim-da. U Alisher Fayzning onalar haqidagi bir qo‘shig‘ini aytyapti. Bu – achinarli holat. O‘zigayam aytdim o‘z ustida ishlashi, yangi qo‘shiqlar yaratish kerakligini. Bu qiyin ish emas. Masalan, men qiziqchiman, ammo o‘zimning  60 ga yaqin qo‘shiqlarim bor.

Samarqandga millionlab sayyohlar kelyapti. Ularni kutib olishda, albatta, san’atkorlar ishtirok etadi. Shaharda katta imkoniyatlar paydo bo‘lyapti. Faqat ulardan to‘g‘ri foydalanish kerak. O‘ylaymanki, Samarqand ijodiy muhiti 2030 yillarga borib, poytaxtnikidan qolishmaydigan darajada bo‘ladi.

- Sizningcha, aynan Samarqandda turizmni rivojlantirishda san’atning ahamiyati qanday?

- Davlatimiz rahbarining Samarqandga bir tashrifida har bir oliy ta’lim muassasasida teatr, ashula va raqs jamoalarini tashkil etish kerakligini aytgandi. Bu katta gap. Tasavvur qiling, 13 ta oliy o‘quv yurtining har birida 3 tadan jamoasi bo‘lsa, bu – 39 ta jamoa degani. Keyinchalik bu ishni boshlash taklifi bilan rektorlarga murojaat qilganimda ular har bir jamoaga rahbar kerakligi, ularni oylik maosh bilan ta’minlash lozimligini aytishdi. Bu masalani vazirlikka ham olib chiqdim. Har bir oliy o‘quv yurtiga 3 nafar madaniyat xodimi ishga olinsa, 2 million so‘mdan oylik berilganda ham 6 million so‘m ajratilishi lozim bo‘lar ekan. Afsuski, bu masala hal etilmadi. Menimcha, aynan shunday jamoalar shakllanishi kerak, deb o‘ylayman. Bu Samarqandda sayyohlik salohiyatining oshishiga sezilarli darajada hissa qo‘sha oladi.

Viloyatda tarixiy obidalar ko‘p, ammo ularning atrofida milliy san’atimizni ko‘rsatib beruvchilar yo‘q. Madaniy turizm, deymiz-ku. Sayyohlar ob’yektlarni shunchaki ko‘zdan kechirgani qanday-u, har bir qadamjoni ziyorat qilish bilan birga milliyligimizni aks ettirgan san’atkorlarimizning chiqishlarini tomosha qilgani qanday. Tasavvur qiling, masalan, Hazrati Dovud majmuasidagi mingta zinaning har o‘ntasida bir tomosha ko‘rsatsak, shuningdek, yuqorida aktyorlarimiz tarixiy shaxslarimizning ot minib yurgan, cho‘ponlarning qo‘y boqayotgan jarayonlarini namoyish etsa...

- Muxlislaringiz sizni Zokir Ochildiyev bilan bir juftlik, ya’ni “handalak”chilar deb bilishadi. Siz Samarqandga qaytdingiz, Zokir aka poytaxtda qoldi, “Handalak”ning taqdiri nima bo‘ldi?

- Ha, keyingi paytlarda ko‘pchilik, “Zokir bilan nega ajrashib ketdinglar?”, deb savol beradi. Men esa hazillashib, “farzand bo‘lmadi”, deb qo‘yaman. Aslida Zokir bilan oramizdagi do‘stlik rishtasi mustahkam. Oilaviy bordi-keldi qilamiz. Yosh paytimizda birga ijod qildik. “Handalak”ni yaratdik, u bizni elga tanitdi. Xabaringiz bor, bir muddat Toshkent davlat madaniyat va san’at institutida dars berganman. O‘sha paytlarda ilmiy izlanishlar olib borish istagi bor edi. Hozir shuning vaqti keldi, deb o‘ylayman. Samarqandga kelishimning yana bir sababi - shu. Zokir esa poytaxtda ijodini davom ettiryapti. Yaqinda u men bilan birga katta konsert namoyish etish istagida ekanligini aytdi. Katta konsert uchun ko‘p vaqt va mehnat talab qilinadi. Hozircha ilmiy ish bilan shug‘ullanmasam bo‘lmasligini aytdim. Ammo kelajakda birgalikda yangi loyihalar ustida ishlash niyatimiz yo‘q emas.

- Bugungi kunda teatr, kinoteatr va konsert tomoshabinlari kamayib ketyapti. Bunga nima deysiz?

- Bir paytlar konsert tashkil qiladigan bo‘lsak, e’lon ilib qo‘yardik, odamlar o‘zlari istab chipta sotib olib, kiraverardi. Keyinroq tashkilotlarga borib, o‘zimiz chipta sotadigan bo‘ldik. Hozir uchinchi jarayon ketyapti. Tashkilotlarga borib, chiptalarni bepul tarqatamiz, ammo tomoshabin konsertga kelmayapti. Bu nima degani? Oddiy, jaydari tushuntirishga harakat qilyapman. Bu – san’atkor bilan tomoshabin o‘rtasidagi muloqot shakli eskirdi, degani. Ilmiy ish qilishimdan asosiy maqsad ham ana shuning yangicha shaklini izlab topish, bugungi o‘zbek san’atining zamonaviy modulini yaratish.

Yaqinda Amerikaga ijodiy safarimda bir jarayonga guvoh bo‘ldim. Ko‘p qavatli binoning birinchi qavati tashqi devoriga bir san’atkorning rasmini ilib qo‘yibdi. Ichkarida uning teatri, tamaddixona. Har kuni muxlislar yig‘ilib, shu yerda kofe ichib, san’atkor ijodidan bahramand bo‘lib ketyapti. Har qanday sahna asarini jonli kuzatishning zavqi boshqacha. Qolaversa, katta sahnadagi asarlarning tarbiyaviy ahamiyati ham katta bo‘ladi. Albatta, bu asarlar mualliflarining ilmli, salohiyatli ekanligiga ham bog‘liq.

- Bugun ijtimoiy tarmoqlarda qiziqchilik qilish maqsadida chiqishlar qilayotganlarga, ya’ni “vayn”chilarga munosabatingiz qanday?

- Har bir ishning yaxshi va yomon tomonlari bo‘lishi mumkin. Ularning hammasiga ham munosabatim salbiy, desam yaxshilariga zulm qilib qo‘ygan bo‘laman. “Vayn”chilar orasida xalqimizbop ijod qilayotganlariyam bor, afsuski, ular juda kam. Ko‘pchiligi oldi-qochdi, turli tillardan chala-chulpa tarjima qilingan gaplardan foydalanyapti. Hattoki, so‘kinishlar ishlatyapti. Sharm-hayosiz qiliqlar qilyapti. Albatta, men bunga qarshiman. Bizga institutda mantiqni buzish mumkin, ammo mantiqan buzish kerakligi o‘rgatilgan. “Vayn” bo‘ladimi, “Tik-tok” bo‘ladimi, haqiqiy, san’at darajasida bo‘lsagina maqsadga muvofiq.

- Yaqinda Samarqandda konsert tashkil etish niyatingiz bor ekan.

- Ha, 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni oldidan, bayram tuhfasi sifatida taniqli xonandalar, Samarqandning yosh iste’dod egalari bilan birgalikda 3 kun konsert uyushtirishni maqsad qilganmiz. Viloyatning faol ayollari, davlat mukofoti sovrindorlari, Osiyo va jahon chempionlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turuvchi xotin-qizlarni taklif qilyapmiz. Buni eshitgan ayrim saxovatpesha insonlar, “qaysi bir kungi konsert dasturingizda menga ruxsat bersangiz, borib 20-30 nafar xotin-qizga sovg‘a ulashaman”, degan tashabbus bilan chiqyapti.

- Muxlislarga tilaklaringiz!

- Biz san’atkorlar muxlislarimiz omon bo‘lishini, to‘ylarida, yaxshi kunlarida xizmat qilish nasib etishini istaymiz. Sog‘ bo‘lishsin!

- Suhbatimiz hali tugamadi, sababi, bu suhbatni noodatiy yakunlashni istagandim, ya’ni bir latifangiz bilan, hayotiy, qiziqarli bo‘lsa yanada yaxshi bo‘lardi.

- Ayni paytda konsertga tayyorgarlik jarayonida ko‘proq ayollar, oila mavzusidagi latifalar bilan ishlayapman. Aytishadi-ku, erkakning har bir muvaffaqiyatining ortida bir ayol turadi, deb. Bo‘lgan voqealardan birini aytib beraman. Latifalar o‘zi hayotiy gaplardan olinsa yanayam qiziq bo‘ladi.

Rahmatli otam go‘sht do‘koniga borib “Ikki kilo tort, yaxshi joyidan, xo‘jayin aytdi”, debdi jiddiy ohangda. O‘sha paytlarda “xo‘jayin” desa ko‘pchilikning oyog‘i qaltiraydigan damlar bo‘lgan. Qassob suyaksiz joyidan ikki kilo go‘shtni olib, qog‘ozga chiroyli qilib o‘rab (u paytlarda polietelin paketlar bo‘lmagan), otamning qo‘liga tutqazibdi. Keyin esa “Amaki, xo‘jayin aytdi, dedingiz, u qaysi xo‘jayin", desa, otam ham hazilkash bo‘lgan, “Kampirim-da, kim bo‘lardi. Menda boshqa xo‘jayin nima qilsin”, dermish.

To‘lqin SIDDIQOV suhbatlashdi.