Yangi baholash tizimi: afzalliklar va muammolar
Viloyatimizdagi ayrim maktablar yangi baholash tizimiga o‘tib, faoliyat olib bormoqda. Kattaqo‘rg‘on shahridagi uchta maktab yangicha baholash tizimiga o‘tgan. Ulardan biri 2-IDUM bo‘lib, unda 1451 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Xo‘sh, yangi baholash nima degani? Maktablarda joriy etilayotgan baholash tizimini mazkur muassasa misolida o‘rgandik.
- Maktabimiz 2020-2021-o‘quv yilida kimyo-biologiya faniga ixtisoslashtirilgan, - dedi maktab direktori Zamira Isanova. – O‘tgan o‘quv yilidan boshlab yangi baholash tizimiga o‘tdik. Hozircha bu baholash tizimini 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarga joriy etdik. To‘g‘ri, boshida biroz qiynaldik, ota-onalarga yangi tartibni tushuntirishimizga to‘g‘ri keldi.
- Yangi baholash tizimida o‘quvchiga darsda ishtirok etgani, uyga vazifani bajarganiga baho emas, ball beriladi, - dedi direktor o‘rinbosari Hasan Toyirov. – Masalan, uyga vazifani a’lo bajargan o‘quvchiga 4 ball beriladi. Agar o‘quvchining bajargan uyga vazifasida xato va kamchiliklar bo‘lsa, 3 ball oladi. Agar u darsda faol ishtirok etsa, u yana 6 ballni qo‘lga kiritadi. Darsda o‘quvchining faolligiga qarab 1 balldan 10 ballgacha beriladi. Shuningdek, o‘quvchi bob bo‘yicha summativ baholash, ya’ni bob bo‘yicha summativ baholashdan 50 ball, chorak bo‘yicha summativ baholash, ya’ni ChSB bo‘yicha summativ baholashdan 40 ball olsa, u yetarli ballni to‘plagan bo‘ladi. O‘quvchilar bir chorakda uch martagacha bob bo‘yicha summativ baholanadi. Chorak yakuni bo‘yicha bir marta baholanadi. Tekshirish yakuniga ko‘ra, o‘quvchilarning to‘plagan ballari bir hafta muddat ichida elektron jurnalga qo‘yiladi.
Yangicha baholash tizimining afzalligi shundaki, o‘qituvchi qasddan o‘quvchiga past ball yoki yordam sifatida yuqori ball qo‘ya olmaydi. O‘z navbatida, o‘quvchi ham harakat qilmasa, darslarni o‘zlashtirolmay, sinfdan sinfga qolishini anglab yetadi va o‘qishga majbur bo‘ladi. Sababi, yangicha baholash tizimida reja bo‘yicha har chorakda to‘rtta fanning bob yoki choraklik bo‘yicha summativ imtihonlari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi maktabining ishchi guruhi tomonidan olinadi. Har bir fan bo‘yicha summativ baholash (BSB va ChSB) materiallari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan taqdim etiladi.
O‘tgan o‘quv yilida maktab ma’muriyati summativ baholashda shaffoflikka erishish uchun qolgan fanlarning imtihonlarini olishga boshqa maktab o‘qituvchilarini jalb etgan. O‘z navbatida, maktab o‘qituvchilari ham yangicha baholash tizimiga o‘tgan maktablarga summativ baholashga jalb etilgan.
Yangicha baholash tizimida bir chorakda o‘quvchi 30 baldan 100 balgacha to‘plashi lozim. Agar u 30 balldan past ball olsa, “2” baho olgan hisoblanadi. Summativ baholash jarayoniga asosli sabablarga ko‘ra qatnasha olmagan o‘quvchilar uchun baholash jarayoni alohida o‘tkazilishiga ruxsat beriladi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, endi o‘qituvchi o‘quvchining bahosini biroz oshirib qo‘ya olmaydi. Yangicha baholash tizimida o‘quvchining haqiqiy bahosi chiqadi. 2023-2024-o‘quv yilida Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-IDUM bitiruvchilaridan ikki nafari kumush medal olgan, oltin medal hech kimga nasib qilmagan. Bu holat ham ota-onalarning biroz e’tiroziga sabab bo‘lgan. Maktabning 95 nafar bitiruvchisidan 13 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.
Har bir yangilikning o‘ziga yarasha muammolari bo‘lishi tabiiy. Yangi baholash tizimiga o‘tgan maktab qog‘oz muammosidan qiynalyapti. Chunki 850 nafar atrofidagi o‘quvchi har bir fandan summativ baholash uchun elektron yuborilgan materiallar qog‘ozga chiqarilib, o‘quvchilarga tarqatiladi. Maktabga ajratiladigan pul bunday qog‘oz sarfiga yetmaydi. Summativ baholash kompyuterda olinsa ham bo‘ladi, ammo bunga maktabning 30 ta kompyuteri kamlik qiladi.
- Maktabimizda chet tilini o‘rganishga qiziqishi bo‘lgan o‘quvchilar talaygina, - deydi maktab direktori. – Ayni paytda yuqori sinf o‘quvchilarining 45 nafarida chet tilini bilish darajasini beruvchi sertifikat bor. Chet tili o‘qituvchilarimiz ham milliy yoki xalqaro til bilish sertifatiga ega.
Yuqori sinf o‘quvchilari kasbni o‘rganyapti
Mazkur ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida yuqori sinflar kasb-hunarga o‘rgatilyapti. Hozircha maktabda tikuvchilik va veb-dizayn kasblarini o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 6 ta tikuv mashinasi berilgan.
- Ustozimiz oddiy chokdan tortib, bezak va kashta choklari tikishni o‘rgatdi, - dedi 10-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Bahodirova. – Qiz bola qaysi kasbni egallamasin, u uyda beka sifatida tikishni bilishi kerak. Shuning uchun ushbu kursga qatnab, tikishni o‘rganyapman.
- Mashg‘ulotlar haftada uch marta o‘tkaziladi, - dedi tikuvchilik kursi rahbari Nargiza Jabborova. – O‘quvchi qizlarga oddiy tikishdan tortib, kiyim-kechak tikishgacha o‘rgataman. Maktab bitiruvchilariga tikishni bilish darajasini beruvchi sertifikatlar topshiriladi. Ular mustaqil hayotga qadam qo‘ygach, shu kasb bo‘yicha ishlashi mumkin.
Maktabga ma’naviyat sektori maktabi maqomi berilgan
Kattaqo‘rg‘on shahriga qilgan safarimiz davomida 11-IDUM faoliyati bilan ham tanishdik. Maktabda o‘tgan o‘quv yilidan boshlab yuqori sinf qizlariga tikuvchilik, o‘g‘il bolalarga sartaroshlik kasbi o‘rgatilyapti. Maktabda 21 ta tikuv mashinasi bo‘lib, xom ashyo, ya’ni tikish uchun matolar mahalliy byudjetdan beriladi.
- Buyurtma asosida dasturxon, yostiq, xalat, choyshablar tikib sotyapmiz, - deydi maktabning texnologiya fani o‘qituvchisi Xolida Shavriqova. – O‘quvchilar sotilgan mahsulotlarining pulini olyapti. Bundan tashqari, turli bayram tadbirlariga sahna uchun gullar yasab sotamiz.
Maktabda o‘g‘il bolalarga sartaroshlik kasbi bo‘yicha maxsus xona ajratilgan va kerakli asbob-uskunalar o‘rnatilgan. Haftada uch kun darsdan keyin yuqori sinf o‘quvchilari mashg‘ulotlarga jalb etiladi.
Ixtisoslashtirilgan maktabdagi yana bir to‘garakda o‘quvchilar o‘rganyapti. Ularga ajratilgan xonada duradgorlik uchun kerakli barcha jihozlar o‘rnatilgan.
- Kasb-hunar o‘rganayotgan yuqori sinf o‘quvchilari, maktab va shahar hokimligi o‘rtasida uch tomonlama shartnom imzolangan, - deydi maktab direktori Ozoda Salimova. – Shartnomaga asosan, maktab bitiruvchilarini shahar hokimligi ish bilan ta’minlab beradi.
Bundan tashqari, maktabda turli buyumlar yasab, daromad qilayotgan iqtidorli o‘quvchilar bor. Ulardan biri 8-sinf o‘quvchisi Mehrangiz Toyirjonova. U 6-sinfdan boshlab munchoqdan turli buyumlar yasab sotadi. Bir-biridan chiroyli munchoqli buyumlarning xaridorlari ko‘p. Quroqchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Rayhona Sanayevaning mahsulotlarini turmushga chiqayotgan qizlar sotib olyapti.
8-sinf o‘quvchisi Mehrona Shukurova esa mozaika san’at turi bilan shug‘ullanadi.
- Mozaika san’atini o‘tgan yili internetdan ko‘rib qolib o‘rgandim. Onam qiziqishimni ko‘rib, menga kerakli mahsulotlar olib berdi, - dedi Mehrona. – Shundan keyin bu hunar bilan shug‘ullanib, mahsulotlarimni do‘konlarga sotaman, hatto ulardan buyurtma ham olyapman.
Yana bir 8-sinf o‘quvchisi Shahlo Muhammadiyeva chizgan rasmlari bilan turli tanlovlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Yozda u chizgan rasmlar xalqaro ko‘rgazmaga qo‘yildi.
Muassasa “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining shahar bosqichida uch yildan beri g‘oliblikni qo‘ldan bermay kelmoqda.
- Ayni kunda 50 nafar o‘quvchining chet tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikati bor, - dedi maktab direktori. – Maktabimizda 16 nafar ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lsa, ulardan 15 nafarida xalqaro S1 darajali sertifikat mavjud.
2023-2024-o‘quv yilida maktabning 78 nafar bitiruvchilaridan 38 nafari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga kirgan. Xususiy va chet el oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganlari hisobga olinsa, bitiruvchilarning 100 foizi oliy ta’limda o‘qishini davom ettiryapti.
Ushbu ko‘rsatkich va yutuqlar inobatga olinib, muassasaga viloyatda ma’naviyat sektori maktabi maqomi berilgan. Maktab hovlisida ma’naviyat bog‘i, kitob bekati bo‘lib, o‘quvchilar bo‘sh vaqtida kitob mutoala qiladi.
Biz guvoh bo‘lgan ikkala maktab ham zamonaviy shart-sharoitlarga ega. Sinflarda televizor va elektron doskalar mavjud, turli o‘quv qurollari, ko‘rgazmali materiallar bilan bezalgan. Boshqa maktablarda ham shunday sharoitlar bo‘lishini orzu qilib qaytdik.
Xurshida Ernazarova.