Hanne KOLI: Finlandiya universitetlari fanga emas, ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirilgan
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida Xelsinki universiteti ta’lim eksperti, pedagog Hanne Koli faoliyat olib bormoqda. U bilan suhbatimiz aynan Finlandiya va O‘zbekiston ta’lim tizimi haqida bo‘ldi.
- O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutining o‘quv dasturlari Finlandiya oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga moslashtirilganmi?
- Men institutdagi o‘quv dasturlarini o‘rganib chiqdim. Hali bu narsani solishtirolmaymiz. Sababi, juda katta farq qiladi. Finlandiyadagi universitetlar ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirilgan. Bu yerda esa darslarda asosiy e’tibor fanlarga qaratilgan, ilmiy izlanishlarga emas. Finlandiyada biz bu jarayonni bog‘chadan boshlab o‘rgatamiz.
Finlandiyadagi boshlang‘ich ta’lim O‘zbekistondagi boshlang‘ich ta’limdan ba’zi jihatlardan farq qiladi, ba’zi tomonlari bir xil. Finlandiyada 6 yillik boshlang‘ich ta’lim bo‘lsa, O‘zbekistonda 4 yil. Bizda boshlang‘ich ta’limda hamma fanni bir nafar o‘qituvchi o‘tadi, asosiy farq ana shunda. Boshlang‘ich sinfda o‘quvchilarga uch yil davomida umuman baho qo‘yilmaydi, lekin ular darsni qanday o‘zlashtirayotganini o‘qituvchi yaxshi biladi.
- O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida ishni nimadan boshlamoqchisiz?
- Men bu yerda birinchi navbatda barcha xodim, professor-o‘qituvchilar bilan uchrashdim. Dastlab ta’lim jarayonini yaxshilab o‘rganib chiqishim kerak. Bu ishimning birinchi qadami bo‘ladi. Ikkinchi qadam esa bu yerdagi ta’lim dasturlarini chuqur o‘rganib, bizdagi ta’lim dasturlari bilan solishtirish, undagi o‘xshashliklar, asosiy farqlarni, qayerda tuzatish kerak bo‘lsa o‘shani o‘rganaman. Bu yerdagi o‘qituvchilar Finlandiyadagi o‘quv metodlariga juda qiziqish bildirishdi. Men bir nechta metodik qo‘llanmalarni olib kelganman. Institutdagi o‘qituvchilar ulardan foydalanyapti. O‘qituvchilar yangi uslubiy qo‘llanmalar yaratishga ham qiziqish bildirishmoqda. Biz yangi ta’lim dasturlarini yaratamiz. Qisqa vaqt ichida katta maqsadni oldimizga qo‘yganmiz.
- Finlandiya ta’lim tizimi nimasi bilan taraqqiyotga erishgan?
- Ikki davlatda ham deyarli o‘xshash fanlar o‘qitiladi. Bizning asosiy yutug‘imiz o‘quvchilarga qanday fikrlashni, qanday ma’lumotlar izlashni o‘rgatamiz. Shuning uchun biz yuqori o‘rinlardamiz. Men Navoiy viloyatida uch oy davomida maktab ta’limi bilan shug‘ullanganman. U yerda o‘quvchilarni kuzatganman, bu yerda ham o‘quvchilarni kuzatyapman. Aytishim mumkinki, O‘zbekistonda savodxonlik darajasi deyarli 100 foiz, hamma o‘qishni biladi. Texnik o‘qish bo‘yicha yuqori o‘rinda, lekin o‘qiyotgan narsasini tushunish va anglab yetish bo‘yicha savodxonlikni rivojlantirsak yuqori natijalarga erishamiz.
- O‘zingiz haqingizda ham gapirib bersangiz...
- Men 45 yildan beri ishlab kelmoqdaman. Faoliyatimning dastlabki yillarida dizayner bo‘lganman. Pedagog bo‘lish uchun yana o‘qiganman. So‘ngra pedagoglarni tayyorlovchi o‘qituvchi bo‘lib mehnat qildim. Keyin esa odamlarning ish davomida muammolari bo‘ladi, o‘sha muammolarni yechish bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlaganman. Menimcha, O‘zbekistonda bunday kasb yo‘q, bizda esa bor. Finlandiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lganidan keyin bir qator ta’lim loyihalarida loyiha rahbari bo‘lib ishladim, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar yozdim, ta’lim platformalarida o‘quv kurslar yaratdim. Hozirda butun dunyo bo‘yicha ushbu kurslardan foydalanib kelinmoqda. Men bog‘chadan tortib boshlang‘ich, o‘rta maktab, universitet, xullas, Finlandiyaning hamma ta’lim bosqichlarida faoliyat yuritganman. Shuning uchun Finlandiya ta’lim tizimini juda yaxshi bilaman.
- O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabalari kelajakda o‘qishini Finlandiyada davom ettirishi mumkinmi?
- Hozircha bu institut va Finlandiyadagi oliy ta’lim muassasalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma yoki memorandumlar yo‘q. Lekin ba’zi kelishuv hujjatlari bor. Ana shu hujjatlar asosida Finlandiyada ta’lim olsa bo‘ladi, bu yerda o‘qishni boshlab, u yerda davom ettirolmaydi. Finlandiyada boshidan boshlab o‘qish imkoni mavjud.
Finlandiya oliy ta’lim muassasalarida xalqaro aloqalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Asosan Xitoy, Janubiy Osiyo va Afrika davlatlari bilan hamkorlik mavjud. Endi Bundan keyin Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham hamkorlik qilinadi.
- Finlandiyadagi oliy ta’lim muassasalarida kredit-modul tizimi mavjudmi?
- Finlandiyadagi kredit-modul tizimi O‘zbekistondagidan ancha farq qiladi. Bizda yil davomida 1600 soat bor, talabalar 60 ballni qo‘lga kiritishi kerak. 1 ballni qo‘lga kiritish uchun talaba 26,7 soat o‘qishi zarur. Bu tizim butun Yevropa bo‘yicha bir xil. Masalan, Fransiyada talaba necha baho olsa, biz bila olamiz. Bolonya ta’lim tizimini 2004 yildan beri qo‘llab kelmoqdamiz.
- Kelajakda Markaziy Osiyodagi davlatlar ham Bolonya ta’lim tizimiga kira oladimi?
- Ha, albatta. Hozirda Yevropadagi davlatlar O‘zbekistonga yordam berib kelmoqda, hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda. Avvalo bu tizimni o‘rganish kerak. Boshida juda qiyin tuyuladi, ammo o‘rgansa juda ham oson. Bolonya jarayonining eng qiyin qismi o‘qituvchilarga bu tizimni o‘rgatish. O‘qituvchilar jarayonni o‘zlari yaxshi tushunmasa, o‘quvchilarga uni tushuntirib berolmaydi. Bu malakaga asoslangan ta’lim tizimidir. O‘zbekistonda fanlarga yo‘naltirilgan ta’lim berilgan, endi ta’limni malakaga yo‘naltirish bir muncha qiyinchilik tug‘diradi.
Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.